Breaking News

Hisobot: Xitoyda majburiy mehnat ko'lami kengaymoqda


Xitoy zavodida mehnat qilayotgan ishchi
Xitoy zavodida mehnat qilayotgan ishchi

BMTning Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, Xitoy hukumati nafaqat Shinjon va Tibetda majburiy mehnat uchun "kasbiy ko‘nikmalar o‘rgatish va ta’lim markazlari" dan foydalanmoqda, balki butun mamlakat bo‘ylab qishloq joylardagi "ortiqcha" ishchi kuchini davlat nazoratidagi mehnat dasturlariga ommaviy tarzda yo‘naltirmoqda.

Xitoy mazkur hisobotni "asosiz" va "haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan" deb atadi.

XMT hisobotida Xitoy hukumati qashshoqlik darajasini o‘rganish va kuzatishni kuchaytirgani, viloyatlararo mehnat migratsiyasini yanada kengaytirish maqsadida aniq reja belgilagani hamda mahalliy dehqonlarni o‘z yerlarini davlat nazoratidagi yirik qishloq xo‘jalik kooperativlariga topshirishga majburlayotgani qayd etilgan.

Hisobotda aytilishicha, bu jarayon "qishloq ishchilarini ozod qilish" degan niqob ostida o‘n minglab uyg‘urlar, tibetliklar va boshqa etnik ozchilik vakillarini bosim ostida quyosh panellarini ishlab chiqarish, batareyalar tayyorlash, mavsumiy qishloq xo‘jaligi va dengiz mahsulotlarini qayta ishlash sanoatiga jalb qilmoqda.

Shinjon-Uyg‘ur Avtonom viloyati va Tibet Avtonom viloyati Xitoyning beshta viloyat darajasidagi avtonom hududlaridan biri bo‘lib, mamlakatning g‘arbiy qismida joylashgan.

Ikki tizim

Kommunizm qurbonlari xotira jamg‘armasining Xitoy bo‘yicha katta tadqiqotchisi Adrian Zens hisobotni "dolzarb va aniq ma’lumotlarga asoslangan" deb ta’rifladi.

"Bu yangi hisobot nafaqat oldingi (2022-yilgi) versiyadagi tushunchaviy xatolarni to‘g‘riladi, balki bugungi holatni ancha aniq aks ettirgan, - dedi Zens “Amerika Ovozi”ga yuborgan elektron xabarida. - XMT avvalgi hisobotida Shinjonning butun majburiy mehnat tizimini faqat majburiy lagerlar bilan bog‘lagan edi".

Zensning ta’kidlashicha, 2022-yil fevral oyida XMT nashr etgan hisobotda Xalqaro Kasaba Uyushmalari Konfederatsiyasining (ITUC) Shinjon bo‘yicha kuzatuvlari keltirilgan, biroq majburiy mehnat tizimi faqat "majburiy yoki qayta tarbiyalash lagerlari" (Xitoyda "kasbiy ta’lim va o‘quv markazlari" deb ataladi) bilan cheklangan degan noto‘g‘ri xulosaga kelingan.

XMTning so‘nggi hisobotida ITUC tomonidan ilgari surilgan ikkita asosiy majburiy mehnat tizimi tilga olinadi.

Birinchisi – uyg‘urlar va boshqa etnik ozchiliklarning mehnat lagerlarida ommaviy va majburiy tarzda saqlanishi bo‘lib, bu mahbuslar keyinchalik oddiy qamoqxonalarga o‘tkazilmoqda.

Hisobotga ko‘ra, bu markazlardan chiqarilgan shaxslar odatda mato va elektronika ishlab chiqarish sanoatlariga majburiy mehnatga yo‘naltiriladi.

Ikkinchi tizim esa qishloq joylardagi "ortiqcha" ishchi kuchining davlat nazoratidagi mehnat dasturlariga ko‘chirilishidir. Natijada ular an’anaviy turmush tarzidan ajralib, quyosh panellari ishlab chiqarish, batareyalar tayyorlash, mavsumiy qishloq xo‘jaligi va dengiz mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarga yo‘naltirilmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda hukumat qishloq xo‘jaligida millionlab oilalarning qashshoqlik darajasini chuqurroq o‘rganish va kuzatish siyosatini kuchaytirgan. Shu asosda viloyatlararo mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi rejalar ishlab chiqilib, qishloq dehqonlarini o‘z yerlarini yirik davlat xo‘jaliklariga topshirishga majbur qilish amaliyoti kengaytirildi.

Tibetdagi majburiy mehnat dasturlari

XMT hisobotida Tibetda hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan mehnat ko‘chirish dasturlariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

"Bu siyosatlar tibetlik ko‘chmanchilar va dehqonlarni harbiy uslubdagi kasbiy ta’lim dasturlariga majburlash, ularning an’anaviy turmush tarzidan voz kechishiga erishish va yo‘naltirilgan ish o‘rinlariga joylashtirish orqali diniy ta’sirni kamaytirish maqsadini ko‘zlaydi," deyiladi hisobotda.

ITUC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilda majburiy mehnat dasturlari Tibetda keskin oshib, 630 ming kishiga ta’sir ko‘rsatgan. Mahalliy mehnat vositachilari va kompaniyalarga taqdim etilayotgan imtiyozlar bu ko‘rsatkichning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa tibetliklarning ajdodlaridan meros bo‘lib kelayotgan yerlarini va madaniy an’analarini tark etishiga olib kelayotganidan xavotir uyg‘otmoqda.

Xalqaro munosabat

So‘nggi yillarda inson huquqlari tashkilotlari, hukumatlar va BMT agentliklari Shinjon va Tibetdagi mehnat sharoitlari bo’yicha Xitoydan javobgarlik va shaffoflik talab qilib kelmoqda. Ular davlatlar va xalqaro kompaniyalarga mazkur hududlarga bog‘langan ta’minot zanjirlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilmoqda.

AQSh uyg‘urlar majburiy mehnatidan foydalanishga qarshi qat’iy pozitsiyada turib, 2022-yilda "Uyg‘urlar majburiy mehnatdan himoya qilish qonuni" ni qabul qildi. Ushbu qonunga ko‘ra, Shinjondan kelgan mahsulotlar, agar kompaniyalar ularning majburiy mehnat bilan bog‘liq emasligini isbotlay olmasa, AQShga olib kirilishi taqiqlanadi.

Shuningdek, AQSh Xitoyning majburiy mehnatga aloqador kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar va eksport cheklovlarini joriy qilib, inson huquqlarini himoya qilish va adolatli savdo tamoyillariga rioya qilish uchun Pekinga bosim o‘tkazmoqda.

Xitoy esa o‘z siyosatini qashshoqlikni kamaytirish va iqtisodiy taraqqiyotga qaratilgan deb ta’kidlaydi. Biroq XMT topilmalari bu tashabbuslar aslida repressiya va nazorat vositasi sifatida ishlatilayotganini ko‘rsatmoqda.

XMT Ekspertlar qo‘mitasi Pekindan ushbu ayblovlar bo‘yicha aniq izoh berishni va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday choralar ko‘rilayotganini tushuntirishni talab qilgan. Hisobotda Xitoy hukumati milliy va mintaqaviy siyosatini qayta ko‘rib chiqishi, etnik va diniy ozchilik vakillari majburiy mehnatga jalb qilinmasligini ta’minlashi lozimligi ta’kidlangan.

Xitoyning javobi

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili Lyu Pengyu XMT hisobotini "haqiqatga zid" va "asossiz" deb rad etdi hamda bu hisobot xalqaro hamjamiyatni chalg‘itish va Shinjon hamda Tibetdagi barqaror rivojlanishni buzish maqsadida tayyorlanganini da’vo qildi.

"Ba’zi kuchlar Shinjon va Tibetda majburiy mehnat mavjudligi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda davom etmoqda. Ularning yagona maqsadi – Xitoyning obro‘sini to‘kish, Pekinning Shinjon va Tibet bo‘yicha siyosatini obro‘sizlantirish va mamlakat ichki ishlariga aralashishdir," - dedi Lyu “Amerika Ovozi”ga jo‘natgan elektron xabarida.

XS
SM
MD
LG