Ilon Maskning “X” korporatsiyasi uchun muhim g‘alaba – AQShning Kaliforniya shtati endi ijtimoiy tarmoqlardan o‘z kontentni moderatsiya qilish tartiblarini oshkor qilishni talab qilmaydi.
Yaqinda Kaliforniya shtati nafrat so‘zlari, dezinformatsiya va boshqa zararli kontentni qanday nazorat qilayotganini ijtimoiy tarmoqlardan oshkor qilishni talab qiluvchi qonunni bekor qildi.
Bu qonun dastlab 2022-yilda Kaliforniya shtati Assambleyasi a’zosi, demokrat Jesse Gabriel tomonidan ilgari surilgan edi.
"Ushbu qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlar nafrat, irqchilik, ekstremistik zo‘ravonlik va fitna nazariyalarining tarqalishiga yo‘l ochayotgani haqidagi xavotirlarga javob berish uchun ishlab chiqilgan", - deydi qonunchi.
Biroq 2023-yilda Ilon Maskning “X” (sobiq “Twitter”) kompaniyasi ushbu qonunga qarshi sudga murojaat qildi. Qonunga ko‘ra, platformalar yiliga ikki marta kontent moderatsiyasi bo‘yicha ommaviy hisobot taqdim etishi kerak edi.
Federal apellyatsiya sudi o‘tgan yili “X” foydasiga qaror chiqardi va bu qonun ijtimoiy tarmoq kompaniyalarining Konstitutsiyada belgilangan so‘z erkinligi huquqini buzishini ta’kidladi.
"“X” ning asosiy da’vosi shuki, ularning kontent bo‘yicha qarorlari bo’yicha hisobot berishga majburlash ularning so‘z erkinligi huquqiga tahdid soladi. Chunki bunday hisobotlar majburiy bayonot shaklida bo‘lishi mumkin va bu ularning tahririyat erkinligiga aralashish hisoblanadi", - deydi ekspert Maykl Karanikolas.
AQShning turli shtatlari ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solishga harakat qilmoqda, ammo ko‘p hollarda bu urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlanmoqda.
Floridа va Texas – aholisi asosan respublikachilardan iborat bo‘lgan ikki shtat ham – ijtimoiy tarmoqlarning siyosiy nutqni cheklash imkoniyatini cheklovchi qonunlarni qabul qilgan edi.
Biroq o‘tgan yili AQSh Oliy sudi ommaviy axborot kompaniyalari hukumat aralashuvisiz tahririyat qarorlarini qabul qilish huquqiga egaligini tasdiqlab, ushbu qonunlarni vaqtincha to‘xtatdi.
"Bunday qonunlarda ko‘tarilgan masalalar turlicha bo‘lsa ham, ularning barchasida Birinchi tuzatishga oid muammolar mavjud – konservativ qarashlarga nisbatan noxolislik, nafrat so‘zlari yoki dezinformatsiya muammosi bo‘ladimi, farqi yo‘q", - deydi Kato instituti tahlilchisi Jennifer Haddlston.
Shunga qaramay, ayrim shtatlar ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish bo‘yicha urinishlarini davom ettirmoqda.
Dekabr oyida Nyu-York shtati Kaliforniya qonuniga o‘xshash yangi qonunni qabul qildi.