Breaking News

"Katta Yettilik" Rossiyani otashkesimni qabul qilishga chaqirmoqda


Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va AQSh bosh diplomatlari, Kvebek, 14-mart, 2025
Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va AQSh bosh diplomatlari, Kvebek, 14-mart, 2025

“Katta Yettilik” (G7) guruhiga a’zo davlatlarning bosh diplomatlari Rossiyani Ukrainada AQSh taklif qilayotgan 30 kunlik sulhni qabul qilishga chaqirmoqda.

“Biz Rossiyani teng shartlar asosida o’t ochishni to’xtatishga, sulhni to’liq tatbiq etishga chaqiramiz. Sulh kelishuviga erishilmagan taqdirda, Rossiyani sanksiyalar, neft narxiga cheklovlar, Ukrainaga qo’shimcha yordam kabi qo’shimcha xarajatlar bilan yuzlashtirishni ham muhokama qildik”, deyiladi Kanadada o’tgan yig’in qo’shma bayonotida.

Oq uyning bildirishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Vitkoff 13-mart kuni Vladimir Putin bilan muloqot qilgan.

“G7 tashqi ishlar vazirlari AQSh olg’a surgan va Ukraina rozi bo’lgan sulh taklifiga qo’shiladi”, - dedi Kanada Tashqi ishlar vaziri Melani Joli.

Javob berish navbati endi Rossiyada, deydi u.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Lemmi ham hech qanday shartlarsiz o’t ochishni to’xtatish vaqti kelganini ta’kidladi.

“Ukraina o’z pozitsiyasini aniq bildirdi. End Rossiya qaror qabul qilishi kerak”, - deydi u.

Vazirning qayd etishicha, Ukrainani “xavfsizlik arxitekturasi” bilan ta’minlash va sulhni monitoring qilish uchun yordamga tayyor davlatlar koalitsiyasi shakllanmoqda.

Kreml esa otashkesim kuchga kirishi uchun hali ko’p ishlar qilinishi kerakligini aytmoqda. Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskovga ko’ra, Putin otashkesim qanday amalga oshirilishi boʻyicha bir qancha savollariga javob kutmoqda.

Ukraina Prezident Volodimir Zelenskiy fikricha, Putin shartlar qo’yib, jarayonni murakkablashtirish va cho’zishga harakat qilyapti.

“Shartsiz 30 kunlik otashkesim birinchi muhim qadam bo’lib, bizni adolatli va mustahkam tinchlikka sezilarli darajada yaqinlashtiradi”, - deb yozdi u “X” tarmog’ida.

Kanadaning Kvebek shahridagi yig’inda Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va AQSh vazirlari qatnashdi.

G7 mamlakatlari “Xitoy o’z harbiy qudratini oshirayotgani, yadroviy qurollar arsenalini oshirishda davom etayotgani” yuzasidan ham xavotir bildirgan.

Guruh Pekinni “strategik xavflarni kamaytirish bo’yicha muhokamalarda qatnashishga va shaffoflik orqali barqarorlikni ta’minlashga” chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG