Xitoy AQSh Prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha strategiyasini diqqat bilan kuzatmoqda. Ekspertlar va sobiq rasmiylarning fikriga ko‘ra, Pekin Kiyev uchun strategik hamkor sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashga, shuningdek, Rossiya bilan "chegarasiz hamkorlik" siyosatini saqlab qolishga harakat qilmoqda.
AQSh va Rossiyaning Saudiya Arabistonida kechgan muzokaralaridan so’ng Fransiya va Britaniya rahbarlari Vashingtonga kelib ketdi.
Prezident Emmanuel Makronning Oq uyda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi deyarli ikki soat davom etgan. Makron va Tramp videokonferensiya orqali “Katta Yettilik” (G7) davlatlari bilan Ukraina masalasini ham muhokama qilgan.
Xitoy Prezidenti Si Zinpin esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan. Putin Si bilan Riyod muzokaralari haqida gaplashib, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasidagi “keng qamrovli strategik hamkorlik”ni yana bir bor tasdiqlagan.
“Xitoy Rossiya va tegishli tomonlarning inqirozni hal qilish yo‘lidagi ijobiy sa’y-harakatlarini olqishlaydi”, - deyiladi Pekin bayonotida.
Urush emas, “inqiroz”
So‘nggi uch yildan beri Pekin “inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilishda konstruktiv rol” o‘ynashini ta’kidlab kelmoqda. Aytish joiz, Xitoy “Ukraina urushi” iborasini qo’llamaydi.
Pekin Riyoddagi muzokaralarni olqishladi, bu uchrashuvda Ukraina ishtirok etmagan bo‘lsa-da, Xitoy uni ijobiy qadam sifatida baholadi.
“Xitoy va Ukraina 2011-yilda "strategik hamkorlik" o‘rnatgan. So‘nggi yillarda Xitoy Ukrainaning eng yirik savdo hamkori bo‘lib kelmoqda”, - deb ta’kidladi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi. U Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ukrainalik hamkasbi bilan uchrashgan.
“Ukraina inqirozi bo‘yicha Xitoy har doim tinchlik va muloqotni targ’ib qilgan”, - dedi Van.
Biroq Xitoyning rasmiy bayonotida Ukrainaning suvereniteti yoki hududiy yaxlitligi tilga olinmagan.
AQSh-Rossiya muzokaralaridan ikki kun o‘tib, Van Yi Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahrida “Katta Yigirmalik” (G20) davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazdi.
Lavrov Vanga Riyod muzokaralari haqida ma’lumot bergan, Van esa Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi “keng qamrovli strategik hamkorlik”ni yana bir bor tasdiqlagan.
Van deydiki, “Xitoy tinchlikka qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, shu jumladan, AQSh va Rossiya o‘rtasida Riyodda erishilgan kelishuvni ham”.
Muzokaralar emas, faqat muloqot
AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonida muloqot Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish uchun o‘tkazilmagan. Maqsad Rossiyaning urushni tugatish maqsadi jiddiy ekanini aniqlash edi.
Rubioning tushuntirishicha, to’rt soatdan ortiq davom etgan muloqot AQSh va Rossiya o‘rtasida ikki tomonlama masalalar bo‘yicha “aloqa liniyalarini” yo‘lga qo‘yishga ham qaratilgan.
Ba’zi tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Xitoy AQSh va Rossiya munosabatlarining qayta tiklanishidan tashvishda.
AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush davrida Oq uyda Xitoy bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan Dennis Uaylder shunday dedi:
“To‘liq yaqinlashuv ehtimoli past bo‘lsa-da, Xitoy bu jarayondan xavotirda. Agar Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilsa, Moskvaning Xitoyga qaramligi kamayadi”.
Boshqa tahlilchilarning ogohlantirishicha, AQShning xatti-harakatlari Xitoyning global axborot kampaniyasi kuchayishiga olib keladi. Bu kampaniya Vashingtonni ishonchsiz ittifoqchi sifatida tasvirlashga qaratilgan.
“Biz muzokaralarga shoshilgan holda o‘zimizda mavjud bo‘lgan ustunlikni darhol boy berdik. Bundan tashqari, kim tajovuzkor ekanini noto‘g‘ri baholadik, - deydi iste’fodagi admiral Mark Montgomeri.
“Menda hech qanday shubha yo‘qki, Xitoy diplomatlari butun dunyo bo‘ylab Vashingtonning ishonchsizligi haqida shivirlayapti. Afsuski, AQShning hozirgi administratsiyasi ularga bunday gaplar uchun asos berib qo‘ymoqda”, - deydi Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasidan Bredli Bouman.
Moddiy manfaatlariga mos kelsa...
Urush tugaganidan keyin Xitoy Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuboradimi? Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili bu savolga javob bermadi.
Si Zinpin va Vladimir Putin joriy yil oxirida o’zaro tashriflar rejalagan. Ikki prezident 21-yanvar va 24-fevralda ham gaplashib olgan.
Ba’zi sobiq AQSh rasmiylari Xitoy hukumatining Ukrainadagi urushni to‘xtatishga haqiqatan ham intilayotganiga shubha bilan qaraydi. Ularning fikriga ko‘ra, Pekin ushbu mojaroni Donald Tramp bilan muzokaralarda bosim vositasi sifatida ishlatishi mumkin.
“Xitoy Ukrainadagi vaziyatga qarab, Trampga qandaydir yordam taklif qiladi.
Ammo ko‘p harakat qilmaydi va o‘zini muvaffaqiyatga erishgan deb e’lon qiladi”, - deydi Jorjtaun universitetining Osiyo tadqiqotlari dasturi direktori Evan Medeyros.
Medeyros 2009-2015-yillarda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan.
“Agar biror narsa Xitoyning bevosita moddiy manfaatlariga mos kelsa, masalan, Ukrainani tiklashga yordam berish, ular bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaydi. Ammo bu Rossiyani tinchlik kelishuviga undash bilan bog‘liq emas. Bu, asosan, Xitoy infratuzilma kompaniyalarining yirik va foydali shartnomalarni qo‘lga kiritishini ta’minlash bilan bog’liq”, - deydi suhbatdosh.