Xitoy va Rossiya "cheksiz sheriklik" munosabatlarini yana bir bor tasdiqlab, yaqin hamkorlik davom etishini bildirmoqda. Prezident Vladimir Putin joriy yilda Xitoyga tashrif buyuradi.
Prezident Si Zinpin va Putin fevral boshida qo‘ng‘iroqlashib, kengayib borayotgan ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilgan. Shuningdek, ular “AQShning boshqa davlatlar ishiga aralashuvini” tanqidga olgan.
Xitoyning Moskvadagi elchisi Chjan Xanxuey Rossiya matbuotiga aytishicha, Putin 2024-yilda Pekinga tashrif buyuradi. Yil davomida ikki davlat rahbari bir necha bor uchrashishi kutilyapti.
Ba'zi tahlilchilarga ko’ra, Pekin va Moskva “bir-birini to’liq tushunishini” dunyoga ko'z-ko’z qilmoqchi.
“Ular bir-birini dastaklashini namoyish etmoqda, chunki har ikkisi AQShning bosimi ostida”, - deydi Ayan Chong, Singapur universiteti olimi.
Pekin va Moskvaning mushtarak maqsadi Vashington va uning ittifoqchilari o'rtasidagi aloqalarni zaiflashtirish ekan, ekspertlar nazarida, ular ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish har ikki tomon uchun manfaat keltiradi, deb hisoblaydi.
"Rossiya va Xitoy o'rtasida kelishmovchiliklar bo’lishiga qaramay, ular demokratik jamiyatlarni zaiflashtirishni, bu tizimni ekspluatatsiya qilishni uddalayapti. Xitoy va Rossiya o’rtasidagi yaqin aloqalarning salbiydan ko’ra ijobiy jihatlari ko’proq”, - deydi londonlik tahlilchi Sari Arxo Xavren.
Biroq ayrim so’nggi o’zgarishlar o’rtadagi hamkorlikka soya solishi mumkin. OAV xabarlariga ko’ra, Yevropa Ittifoqi Xitoydagi uchta, Gonkongdagi to‘rtta kompaniyaga Rossiya armiyasiga yordam bergani uchun sanksiya qo’yishga hozirlanmoqda.
Ushbu choralar Rossiyaning harbiy texnologiyalarni aylanma yo’llar bilan qo’lga kiritishiga to’siq qo’yishga qaratilgan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ittifoq joriy etayotgan sanksiyalardan noroziligini bildirdi.
“Rossiya bilan hamkorligimiz tufayli bizga noqonuniy sanksiyalar qo’yilishiga, mahalliy sudlar bizga o’z yurisdiksiyaini o’tkazishga harakat qilishiga qarshimiz. Xitoy o’z korxonalarining huquq va manfaatlarini qat'iy himoya qilish uchun chora koʻradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ba'zi Xitoy banklari allaqachon Rossiya yoki Belarus kompaniyalari bilan ishlashni to'xtatgani, G'arbning sanksiyalari doirasida Rossiya bilan tranzaksiyalar bo’yicha qonun-qoidalarni kuchaytirgani aytiladi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenkoning aytishicha, Moskvaning Xitoy bilan to‘lov masalalari hal etilishiga ishonchi komil. U Xitoy va Rossiya savdo aloqalari kengayib borayotganini ham qayd etadi.
Ayrim ekspertlarning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqining Xitoy kompaniyalariga qo’ygan sanksiyalari va Xitoy banklarining Rossiya bilan ishlashni istamayotgani Pekin va Moskva oʻrtasidagi tijoriy aloqalar murakkabligini ko’rsatadi.
“Xitoy bizneslari ham, hukumati ham AQSh va Yevropa Ittifoqining sanksiyalari bilan yuzlashishni istamaydi”, - deydi Osiyo siyosati institutidan Filipp Ivanov.
Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik tashriflar davom etar ekan, deydi u, Pekin Rossiya bilan savdo aloqalarini ehtiyotkorlik bilan boshqarishga urinmoqda.
Putin va Si "cheksiz sheriklik"ka kelishib olganiga ikki yil to'ldi. Ivanov fikricha, ikki tomonlama munosabatlar ayni paytda maksimum nuqtaga yetgan bo’lishi mumkin.
"Rossiya Xitoyga allaqachon berayotgan energiya va xomashyodan tashqari boshqa hech narsa taklif qilolmaydi. Ular birgalikda qila oladigan ishlar ko’p emas”, - deydi Ivanov.
Shveysariya hukumati tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilishga tayyorlanar ekan, Xitoy bu jarayonda qanday pozitsiya tutishi ko’pchilikni qiziqtiradi. Shveysariya Tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis yaqinda Pekinga borib keldi. Xitoy Rossiya bilan yaqinligidan foydalanib, tinchlik yo’lidagi harakatlarimizga hissa qo‘shadi degan umiddamiz, deydi u.
Siyosatshunos Ayan Chong fikricha, Xitoy Ukrainaga nisbatan noaniq pozitsiyani saqlab qolishni afzal ko'rishi mumkin, ya'ni bu tomonlar "inqirozni siyosiy yo'l bilan hal qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishi kerak” qabilidagi yondashuv.
“Pekin ham, Moskva ham AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp noyabr oyida yana saylanishiga ko’z tikayotgan boʻlishi mumkin. Shunda vaziyat Xitoy va Rossiya foydasiga o’zgarishi ehtimoli bor”, - deydi u.