Davlatga qarshi fitnada ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayevga nisbatan qiynoq qo’llanmagani e'lon qilindi. Toshkent shahar sudi bu haqda 15-mart kuni o’tgan mahkamada ma’lum qildi. Abdullayev sud majlisida Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) tomonidan o’ziga nisbatan qo’llangan qiynoqlar haqida batafsil to’xtalgan.
Jurnalistning turmush o’rtog’i Katya Balxiboyevaning aytishicha, mahkama ishtirokchilarini larzaga keltirgan bunday qiynoqlarning inobatga olinmasligi mamlakatda adolatli sud qaror topayotgani haqidagi umidlarni yo’qqa chiqarishi mumkin.
Hokimiyatni kuch bilan egallashga urinishda ayblanayotgan jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov hamda tadbirkorlar Shavkat Olloyorov, Ravshan Salayevlar ustidan navbatdagi mahkama 15-mart kuni bo'lib o'tdi.
5-mart kuni boshlangan dastlabki sud jarayoni mamlakat sud tizimida kuzatilmagan holat - Bobomurod Abdullayevga nisbatan qo’llangan qiynoqlar yuzasidan tibbiy ekspertiza o’tkazishga ko’rsatma berish bilan tugagani huquq faollari olqishiga sazovor bo’lgan edi.
Ekspertiza xulosasiga ko'ra, ayblanuvchi qiynoqqa solingani haqidagi da'vo tasdiqlanmagan.
Katya Balxiboyeva bundan larzaga tushganini, eriga nisbatan ko’rsatilgan qiynoq alomatlariga mahkamada qatnashganlar ham guvoh bo’lishganini aytadi.
“Oldingi safar advokatimiz [Sergey] Mayorovning qiynoq haqidagi arizasi inobatga olinganida judayam xursand bo’lgan edik. Ammo kechagi sudda bularning qilgan ishini ko’rib, men ertalabgacha uxlay olmay chiqdim, gapirishga til ojiz. Hamma narsa o’zgarayotgan bir paytda, qonunlar ustuvorlik kasb etayotgan o’zgarishlar davrida, masalaga bunday yondashish... nima deyishni ham bilmaysan”, - deydi Balxiboyeva.
Sud raisi tibbiy ekspertiza qiynoq alomatlarini topmagani haqida ma’lum qilgan. Abdullayev mahkama zalida tanasidagi qiynoq izlarini ko’rsatganidan so’ng ekspertiza belgilangan edi.
Katya Balxiboyevaning aytishicha, Abdullayev unga qo'yilgan ayblovlarni mutlaqo rad etgan, qiynoqlar orqali aybga iqror bo’lishga majburlangani haqida batafsil to’xtalgan.
“Birinchi sudda Bobomurodga nisbatan qiynoqlar ko’rsatilganiga zalda o’tirganlar hammasi, diplomatlar, jurnalistlar, huquq himoyachilari guvoh bo’lishgan edi. Xo’jayin ko’rsating degan joyni, yechinib ko’rsatgan edi. Kechagi ahvol esa buning mutlaqo teskarisi, umuman yaxshi narsa bo’lmadi. Sudda Bobomurod 15 minutlar gapirdi, shu vaqt ichida qiynoqlar haqida aytilgan gaplarga zaldagi odamlar ham chiday olmay ketdi. Shundan so’ng sudya uni to’xtatdi, bir tomondan odamlar bunga chiday olmay qolishgan bo’lsa, boshqa tomondan bu gaplarni hammasini yozib ulgurishlari ham kerak edi. Bilmadim, bu gaplarni eshitgandan keyin sud qanday xulosalar chiqaradi... U o’z so’zida faqat qiynoqlar haqida gapirdi, o’sha olib ketilgan kundan boshlab hali uch kun davomidagi qiynoqlar haqida gapirib tugatmasdan avval sud uni to’xtatdi”, - deydi Balxiboyeva.
Abdullayev o’tgan yil 27-sentabr kuni MXX xodimlari tomonidan yashayotgan uyi yaqinidagi ko’chada ushlab, olib ketilgan edi. Avvaliga bir necha kun dom-daraksiz bo'lgan jurnalistning keyinchalik MXX hibsxonasida saqlanayotgani, unga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atilgani, bu maxfiy jinoyat ishini Milliy xavfsizlik xizmati yuritayotgani ma’lum bo’ldi. Mazkur ish doirasida tadbirkorlar Ravshan Salayev, Shavkat Olloyorov va bloger Hayotxon Nasriddinov ham hibsga olindi.
Ularning hammasi jamoatchilikka “Usmon Haqnazarov” taxallusi bilan tanilgan muallif tomonidan yozilgan maqolalarga aloqadorlikda ayblanmoqda.
Usmon Haqnazarov maqolalari muxolifatdagi O’zbekiston xalq harakati sahifasida e’lon qilib kelingani, aybnomada harakat raisi Muhammad Solih ham borligi inobatga olinsa, davlatga qarshi fitna, hokimiyatni kuch bilan egallashga urinish ishi yangi hokimiyat davrida muxolifatga nisbatan boshlanayotgan dastlabki mahkama jarayoni sifatida ko’rinadi.
Huquq himoyachilari bu ish tazyiq va qiynoqlar vositasida tuzilgani haqida gapirishmoqda. Ayblanuvchilar tergovdagi qiynoqlar tufayli hokimiyatni kuch bilan egallash maqsadi haqida iqrorlik berishgan, bu ishni yuritgan MXX zobitlarining keyinchalik boshqa jinoyatlarda ayblanib hibsga olinishi ham qiynoq tergov davomidagi asosiy usul sifatida ishlatilganidan darak beradi.
Mahkamada avval o’ziga nisbatan qiynoqlar o’tkazilgani haqida sudga ariza kiritgan bloger Hayotxon Nasriddinov aybnomani tan olgan. Ayblanuvchi tadbirkorlardan biri Ravshan Salayev ham iqrorlik bildirgan.
Jurnalistlar ustidan mahkama 26-mart kuni davom etishi kutilmoqda.
Facebook Forum