Urushda onasini yo'qotgan 10 yoshli Hikmatulloh tinchlik harakatiga qo'shilishga qaror qildi. Tinchlik o'rnatish va zo'ravonlikka chek qo'yish targ'iboti bilan bir guruh afg'onistonliklar yuzlab kilometr yo'l bosib mamlakatni aylanmoqda.
"Uyimizga pulemyot o'qi tushdi va onamni o'ldirdi. Boshqa bolalar onalarining o'lishini ko'rmasin deb tinchlik marshiga qo'shildim", - deydi Hikmatulloh.
Bolakay barcha urushayotgan tomonlarni tinchlik tuzishga chaqiradi, toki u va boshqalar maktabga bora olsin.
"Tiinchlik xohlayman, chunki maktabga qaytishni istayman", - deydi u.
Hikmatulloh otasi bilan tinchlik marshiga G'azni viloyatida qo'shildi.
Tinchlik da'vosi
Ota-bola Kobulga yetib kelgach, otasi G'azniga qaytishga qaror qildi, Hikmatulloh esa shimolga qarab yurishni davom ettirishni istadi.
32 kun davomida 650 kilometr yo'l bosgan tinchlikparvarlar nihoyat Balx viloyati markazi Mozori Sharifga yetib keldi.
Tinchlik harakati dastlab Hilmand viloyati markazi Lashkargoh shahrida boshlangan edi. Stadnion yonida yuz bergan portlashda kamida 44 kishi halok bo'lgach, bir guruh fuqarolar urushga qarshi norozlik namoyishi tashkil etdi.
Namoyish ortidan ular poytaxt Kobulga yurish qilish tashabbusi bilan chiqdi. 800 kilometrdan ziyod masofani piyoda bosib o'tish harakati shundan so'ng boshlandi.
TOMOSHA QILING: Afg'oniston bo'ylab tinchlik marshi
Tinchlik marshiga it ham qo'shildi
Tinchlik yurishida Hikmatullohga Sarana ismli it ham hamrohlik qilmoqda.
Ko'chada daydib yurgan jonivor guruhga 10-avgust kuni Balx viloyatida qo'shilgan.
"Boshida kuchuk bizga ergashishni to'xtatsa kerak, deb o'ylagan edik, lekin u to'xtamadi. Unga Sarana (kuzatuvchi) deb nom qo'ydik, chunki u guruhimizning har bir a'zosiga qarab yuradi", - deydi Abul Malik Hamdard ismli fuqaro.
"Agar oramizda begona odamni ko'rsa, Sarana vovullaydi", - deya qo'shimcha qiladi Hamdard.
TOMOSHA QILING: Tinchlik marshida qatnashayotgan bola
Talablar
Marsh qatnashchilari urush zudlik bilan to'xtatilishini hamda Afg'oniston hukumati va Tolibon o'rtasida muzokaralar darhol boshlanishini talab qilmoqda.
"Xohlaganimiz faqat tinchlik. Afg'onistonga tinchlik kerak va bu talablarimiz uchun qo'llab-quvvatlov bo'lishini istaymiz", - deydi Muhammad Muso Ozod ismli yana bir qatnashchi.
Harakat AQSh loyihasimi?
Tolibon tinchlik harakati qatnashchilarini guruh nazoratidagi hududlarga yaqinlashmaslik haqida ogohlantirdi. Isyonchilar, shuningdek, tinchlik marshini AQSh loyihasi deb atadi.
"Ular bosqin yoki xorijlik askarlarning ketishi haqida gapirmayapti. Ularning maqsadi bizni qurollarimizni tashlab, bosqinchilar o'rnatgan rejimni tan olishga undash", - deydi Tolibon so'zlovchisi Zabihulloh Mujohid.
Harakat ishtirokchilari esa tinchlik marshiga AQShning hech qanday aloqasi yo'qligini aytadi.
"Agar Tolibon harakatimizning AQSh loyihasi ekanini isbotlab bera olsa, bizni sud qilishlariga tayyormiz", - dedi harakat faoli Zmaray Zaland.
Tinchlik muzokaralari
Tolibon Afg'oniston hukumati bilan muzokara olib borishni rad etib, aksincha, AQSh bilan to'g'ridan to'g'ri gaplashishni talab qilmoqda.
AQSh isyonchi guruh bilan muloqot boshlash ehtimolini inkor qilmaydi, ammo har qanday muzokara afg'onlar tomonidan boshqarilishini ta'kidlab keladi.
Iyul oyida AQSh davlat departamenti yetakchi rasmiylaridan biri Alis Uels yetakchiligidagi delegatsiya Tolibon bilan Qatarda ilk muzokaralarni o'tkazgani haqida xabarlar tarqaldi.
Tolibon rasmiysiga ko'ra, navbatdagi uchrashuv sentabr oyida bo'lib o'tishi rejalangan.
AQSh hozircha bu uchrashuv haqidagi ma'lumotni na tasdiqladi, na inkor etdi.
Facebook Forum