Breaking News

Afg'onistonda qabilalararo kurash tinchlik yo'lidagi asosiy to'siqlardan biri


Afg'onistonning Nangarhor viloyatida qabilalar bir-biri bilan chiqisha olmaydi
Afg'onistonning Nangarhor viloyatida qabilalar bir-biri bilan chiqisha olmaydi

NATO yetakchiligidagi xalqaro qo’shinlar Afg’onistonga kirganiga 10 yildan oshdi. Mamlakatda urush hamon davom etmoqda. Tinchlik yo’lida qabilalar o’rtasidagi raqobat ham to’g’anoq.

Nangarhor viloyatidagi Achin tumanidan o’tadigan katta yo’ldan faqat chegarachilar foydalana oladi xolos. Afg’oniston poytaxti Kobulni Pokiston bilan bog’laydigan trassa boshqalar uchun yopiq.

Hudud Sepay va Alisher Xel nomli ikki raqib qabilaga qarashli. Kunduzi ular o’z territoriyasini qo’riqlaydi. Tunda esa janglar.

Jalolobod shahri, Nangarhor viloyati
Jalolobod shahri, Nangarhor viloyati

Alisher Xel qabilasiga mansub Sayid Hakimning aytishicha, urush sababli bu hududda ayol va yosh bolalar deyarli qolmagan. Ular xavfsiz joylarga ko’chirilgan.

“Qishlog’imizda mol boqamiz. Devorlar ortida yashirinamiz, o’qlardan qochib qutulish uchun”, - deydi Sayid Hakim.

“Yaqinda oqsoqollar bilan kengashib, urushni to’xtatishga qaror qildik”, - deydi Sepay qabilasi yetakchisi Malik Muhammad. “Chunki hukumatga qarshi kuchlar, jangarilar nizodan foydalanib, xalqaro koalitsiya qo’shinlariga hujumlar uyushtiradi”.

Nangarhor viloyati
Nangarhor viloyati

2010-yilning yanvarida Afg’onistonning Achin tumanida yashovchi qabilalar Tolibondan yuz o’girib, markaziy hukumatni qo’llab-quvvatlashini e’lon qildi. Evaziga Qo’shma Shtatlar taraqqiyot loyihalari uchun 200 ming dollar, kelajakda esa yana bir million dollar mablag’ ajratishga va’da berdi.

Pul poraxo’rlar cho’ntagida qolib ketmasligi uchun harbiylar mablag’ni bevosita qabila yetakchilariga uzatadigan bo’ldi. Ammo markaziy hukumat noroziligi tufayli kelishuv amalga oshmadi. Natijada bugun tumandagi barcha maktablar va birgina kasalxona ham yopiq.

Qabilaviy kelishmovchiliklar Afg'onistonni azaldan qiynab keladi
Qabilaviy kelishmovchiliklar Afg'onistonni azaldan qiynab keladi

Bu esa qabilalarni Tolibondan madad olishga majburlamoqda.

“Raqib tomon bilan jang qilish uchun, qolaversa hosilni yig’ib olish uchun bizga qurol kerak. Mana shu nizo bois toliblardan ko’mak so’radik, ular pul va qurol bilan yordam berishadi”, - deydi Alisher Xel qabilasi vakili.

Mojaroni bosti-bosti qilish uchun Pokiston bilan chegaraga 600 politsiyachi safarbar etilgan.

Ikki qabila a’zolari oradagi hududiy tortishuvni hal qilishga hukumat yordam bersin deya talab qilmoqda. Lekin shu paytgacha Karzay ma’muriyatida hech qanday harakat bo’lmadi. Tolibon esa fursatdan foydalanib, mojaro alangasiga o’tin tashlashda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG