Afg’oniston prezidentining umr yo'ldoshi Rula G’ani dunyodagi eng nufuzli 100 insondan biri deya tan olindi. "Taym" jurnali nazarida bu ayol soyadagi rafiqa emas, haqiqiy arbob. Xotin-qizlar huquqlari uchun kurashib, ularni jamiyatda faolroq bo’lishga, muammolar haqida ochiq gapirishga undab keladi. Tuzum oshkora va mas'uliyatli bo'lishini targ'ib qiladi. Prezident saroyida o’z idorasiga ega Rula G’ani asli Livandan. Nasroniy oilada katta bo’lgan va uzoq yillar G’arbda yashab, ta'limni ham o'sha yerda olgan. Ikki farzandning onasi. Dariy tilini o'rgangan. Islomiy respublikada afg'on bo'lmagan, nasroniy ayol xalq ishonchini qozonishi mumkinmi? Gap shundaki, ko'plab afg'onlar unga allaqachon ergashgan va ergashishda davom etmoqda. Rula G'anining qudrati shunda. “Amerika Ovozi” xonim bilan suhbatda bo’ldi.
“Kutilmagan yangilik bo’ldi men uchun. Vazifamga kirishganimga endi olti oy bo’ldi, hali ko’p narsaga ulgurmadim. Bu unvonni oqlashga harakat qilaman. Afg’onistonning birinchi xonimi dunyo sahnasida tan olinayotgani biz uchun sharaf, xalqimiz uchun quvondim”, - deydi u.
“Har bir insonning o’z xarakteri, fe’l-atvori bo’ladi. Birinchi xonim rolida jamoat ishlarida faollik men uchun oddiy narsa. Tabiatan g’ayratli, lekin bosiqman. Odamlar bilan muloqotda bo’lish, ularga quloq tutish yoqadi menga. Umr yo’ldoshim meni har tomonlama qo’llab-quvvatlaydi. Ko’nglingga yoqqan ishni qilgin, deb doimo eslatadi”.
Rula G'ani xotin-qizlar huquqlarini targ'ib etishda o'z rolini shunday tushuntiradi:
“Afg’oniston hukumati o’z oldiga qo’ygan vazifa-maqsadlar o’z yo’liga. Men uchun muhimi - xotin-qizlar bu jamiyatda erkin nafas olsin, hurmat-e’tibor qozonsin, o’z orzulariga yetisha olsin. Men ularga dalda beraman, qanday muammolar bo’lsa, ularni yechishda ko’maklashaman”.
Afg'oniston hukumati Tolibon harakati bilan tinchlik bobida muloqot qilishga bel bog'lagan. Toliblar hukumatga qo'shiladigan bo'lsa, bu xotin-qizlar huquqlari uchun nimani anglatadi?
“Davlat rahbarining rafiqasi sifatida shuni aytishim mumkin, o’tgan yillar ichida afg’on xotin-qizlari qo’lga kiritgan huquqlar muhofaza qilinadi. O’tmishga qaytish yo’q”, - deydi xonim.
“Afg’onistonda ham mana men prezident bo’laman deb ayollar maydonga chiqadigan zamonlar keladi. Nomzod erkakmi, ayolmi, muhimi xalqni o’ziga ergashtira olishi, ishonchini qozona olishi kerak. Men har kuni xotin-qizlar bilan uchrashaman, muloqot qilaman. Ular kuchli, dovyurak. Muammo va to’siqlarni yorib o’tishga harakat qilishyapti. Bir kun kelib, oramizdan nega prezident chiqmasin?”