Afg’onistonda o’zbek xotin-qizlar turli sohalarda faoliyat yuritib, o’z o’rnini topmoqda. Asosan mamlakat shimoli va shimoli-sharqida yashovchi o’zbek aholi siyosiy va madaniy jabhalarda ancha faol. O’zbek ayollari katta yig’ilishlarga bosh-qosh.
Juzjon viloyatining Shibirg’on shahrida o’tgan tadbirda yuzlab xotin-qizlar qatnashdi. Yosh avlodga o’git sifatida qadimiy urf-odatlarni aks ettiruvchi sahna ko’rinishlari taqdim qilindi.
Nila Sodiqo’g’lu, ishtirokchilardan biri:
“Shibirg’on shahrida bunday tadbirlar o’tkazilayotganidan xursandman. Bu kabi tadbirlar xotin-qizlarga jur’at, kuch-quvvat bag’ishlaydi. Yoshlarni madaniy tadbirlarda qatnashishga undaydi”.
Oynur Begum “qoshiqbozlik” guruhi yetakchisi. Bu keyingi vaqtlarda Afg’oniston o’zbeklari orasida keng tarqalgan o’yin.
“Qo’shiq-soz bo’lmgan vaqtlarda, buvilarimiz, qo’shiqbozlikni ijro etganlar. Bugungi kunda xorij madaniyati bizning urf-odatlarimizga katta ta’sir qilmoqda. Buvalarimiz, buvilarimiz kiygan liboslarni namoyish etdik. Biz boy madaniyatga egamiz. Kiyimlarimiz azaldan Turkiya va Xitoydan kelmagan”, - deydi Oynur Begum.
Sayyora Begzod va Feruza Kotibzoda ham tashkilotchilardan.
“Tadbirimiz yaxshi o’tdi. Qizg’in kutib olindik, xursandmiz”, - deydi u.
“Onalarimiz, noy-noy aytishdi, milliy liboslar kiyib madaniyatimizni namoyon etishdilar. Afg’onistonimiz shunday olg’a siljiyversa, xursand bo’lamiz”, - deydi Feruza.
“Milliy Junbish” partiyasi a’zosi Zuyo Zilol Shibirg’on mutasaddilaridan biri. Yuzlab xotin-qizlar uchun shunday tadbir uyushtirish uning zimmasida.
“Qiyin sharoitda xotin-qizlarni bir joyga to’plash oson ish emas. Ularga o’rni, roli belgilab berilsa, siyosiy-ijtimoiy faoliyatlarga hissa qo’shadilar”, - deydi Zuyo Zilol.
Uning aytishicha, bugungi kunda hatto uzoq hududlarda yashaydigan xotin-qizlar ham haq-huquqini o’rganmoqda.
“10 yil oldin qishloqdagi ayollar shaharda nima bo’layotganini bilmas edi. Bugun ular barcha sohalar bo’yicha o’z o’rnini bilib olganlar”, - deydi Zuyo Zilol.
Afg’onistonda kamida olti million o’zbek yashashi taxmin qilinadi. Ular to’qqiz viloyatning tub aholisini tashkil etadi.
Facebook Forum