Breaking News

Afg'oniston janubida Tolibon tuman markazini bosib oldi 


Tolibon Afg'oniston janubida tuman markazini bosib olib, 13 askarni o'ldirgan. Rossiyaga ko'ra, toliblar kuchayib bormoqda va 17 yillik urushga murosa orqali tezroq yakun yasash lozim.

Jangarilar Zabul viloyati, Shamulzay tumanida tongda hujum uyushtirib, Afg'oniston razvedka boshqarmasining mahalliy idorasiga ham bostirib kirgan. Xavfsizlik kuchlari tuman markazini tark etgan.

Mudofaa vazirligining bildirishicha, boy berilgan yerni qaytarib olish uchun amaliyot boshlangan. "Havo kuchlarini jalb qildik. Tolibon tumandan qochayapti", deyiladi vazirlik bayonotida.

Tolibon so'zlovchisi Qori Yusuf Ahmadiy hududda janglar ketayotganini tasdiqladi, ammo tuman markazi nazoratini boy berganimiz yo'q, deydi u.

Rossiya: Tolibon kuchaymoqda

Tramp ma'muriyati Tolibonni afg'on tinchlik muzokaralarida qatnashing, deya undab kelmoqda. Toliblar Amerika diplomatlari bilan Qatarda bir necha bor uchrashdi. Dialogdan hozircha natija bo'lgani yo'q, toliblar sulhga ham ham ko'nmayapti.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tolibon kuchga to'lib borayotganini ta'kidlaydi. Ammo tan olish kerak, deydi u, Afg'oniston mojarosiga muzokara orqali yechim topish oson ish emas.

"Toliblar o'z pozitsiyasini kuchaytirmoqda. Hamkorlikni oshirib, bu mamlakatda kuchlar muvozanatini saqlashimiz kerak", - degan Putin AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan muloqotda.

Moskva toliblar bilan aloqada va Vashingtonning tinchlik tashabbusini ham quvvatlashini aytadi.

Shu yilning fevral oyida Rossiya afg'onlarning norasmiy uchrashuviga mezbonlik qildi. Unda Tolibon, muxolifatchi siyosatchilar, fuqarolik jamiyati faollari va qabilaviy oqsoqollar qatnashgan edi. Tolibon qarshiligi sabab hukumat vakillari taklif etilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG