Qish yaqinlashib, Afg'onistonda hujumlar soni kamaygan bir paytda xalqaro hamjamiyat va mintaqa davlatlari Tolibon bilan tinchlik muloqotini qayta jonlantirishga urinmoqda.
Bu yil Tolibon hujumlarida keskin o'sish kuzatildi. Guruh 2001-yil hokimiyatdan ag'darilgandan beri kuzatilgan eng katta ko'rsatkich bu.
Ayrimlar uchun bu ajablanarli hol emas. Chunki Afg'oniston xavfsizlik kuchlari bu yil ilk bor Tolibonga qarshi mustaqil kurash olib bormoqda. Ammo xalqaro moliyaviy yordam hajmi kamayib borayotgan bir paytda mamlakat armiyasi kelasi yillarda ham o'z kuchini barqaror saqlab tura oladimi?
Shu masalada xavotirlar borligi bois BMT, AQSh va Xitoy urushayotgan tomonlarni bir joyga yig'ib, tinchlik muloqotini boshlash kerak, degan fikrda. BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasi rahbari Nikolas Heysom Islomobodda Pokiston rasmiylari bilan shu mavzuda muzokara o'tkazdi.
BMT so'zlovchisi Dominik Medlining aytishicha, uchrashuvda Afg'onistonda tinchlik o'rnatish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish masalasi muhokama qilingan.
Xitoyning Afg'oniston va Pokistondagi maxsus vakili Den Sijun ham Kobul va Tolibon o'rtasida tinchlik muloqotini qayta boshlash zarurati haqida gapirdi.
"Tolibon Afg'onistondagi asosiy kuchlardan biri va tinchlik muzokaralari bu davlatni tinchlik va barqarorlikka yetaklaydigan yagona yo'l", - dedi u jurnalistlar bilan muloqotda.
Xitoy mulozimi bu yo'lda muammolar ko'p ekanini tan oladi. Barcha tomonlar rozi bo'lsa, Pekin muloqotga vositachilik qilishga tayyor. Tinch Afg'oniston Xitoyning chegaradagi Shinjon viloyatida ham barqarorlikni ta'minlab, qayta qurish loyihalariga Xitoy sarmoyasining oshishiga xizmat qiladi, deydi Sijun.
NATO kuchlari qo'mondoni general Jon Kembel zo'ravonlikni tugatish uchun mintaqaviy kuchlarni faolroq bo'lishga undadi. Ammo hujumlarning davom etayotgani va Tolibon ichidagi bo'linish bu vazifani yanada murakkablashtirmoqda, deydi u.
"Pokiston, Afg'oniston, Xitoy, AQSh va ko'plab davlatlar Tolibonni muzokaralar stoliga qaytishga undashda davom etishi kerak. Ular bo'lingan bo'lsa, bu ko'proq vaqt oladi va qiyinroq bo'ladi. Qachondir kelajakda tinchlik jarayoniga va kelishuvga erishish kerak", - deydi general Kembel.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani o'tmishdagi kelishmovchiliklarni unutib, Pokiston bilan aloqalarni yaxshilashga urinmoqda. Kobul Islomobod orqali Tolibon bilan muloqot o'rnatish niyatida.
Shu harakatlar natijasida iyul oyida tomonlar so'nggi 14 yilda ilk bor yuzma-yuz uchrashgan edi. Ammo Tolibon yetakchisi Mulla Umarning bundan ikki yil muqaddam o'lgani va bu sir saqlangani fosh bo'lgach, muzokaralar to'xtab qoldi.
G'ani Pokiston bilan yaqin hamkorlik qilgani uchun siyosiy muxolifat tanqidlariga ham uchradi. Ular nazarida, Afg'onistondagi beqarorlikka, birinchi navbatda, Pokiston sababchi. Kembel esa G'ani harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi.
"G'ani Tolibonni tinchlik jarayoniga jalb qilishga urinyapti va u bu borada ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda. Odamlar esa uni befoyda tanqid qilyapti. Bu bilan ular Tolibonga yordam beryapti, milliy birlik hukumatiga emas", - deydi general.
Mulla Umar o'lgani ma'lum bo'lgandan beri Tolibon orasida bo'linish yuz bergan. Harakat, shuningek, hujumlarni kuchaytirmoqda. Sentabrda ular hatto bir muddat Qunduz shahrini egallab olib, ancha shov-shuvlarga sabab bo'ldi.