Breaking News

AQSh Hilmand viloyatiga qo'shimcha 300 zobit jo'natadi


Mahalliy qo'shinlarni treningdan o'tkazish va maslahatchilik qilish dasturi doirasida Qo'shma Shtatlar Afg'onistonning Hilmand viloyatiga qo'shimcha 300 zobit jo'natadi.

NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar katta miqdorda ko'knor yetishtiruvchi bu viloyatni bir necha yil oldin tark etgan edi. AQSh ham qo'shinlarini 2014-yilda olib chiqqan.

Hozirda Hilmandning poytaxt Lashkargohdan tashqari deyarli barcha hududlarini Tolibon nazorat qiladi. "AQSh havo kuchlarining yordamiga muhtojmiz", - deydi afg'on qo'mondoni Rasul Zazay.

Tolibon nazarida AQShning Hilmandga bir necha yuz askar jo'natish qarori hech narsani o'zgartirmaydi. "Kelaverishsin, ularning ta'zirini beramiz", - deyiladi harakat bayonotida. Tolibon Lashkargohni ham hukumat kuchlaridan tortib olishga harakat qilmoqda.

2016-yilda Tolibon Afg'oniston bo'ylab hujumlarga zo'r berdi. Hilmand Tolibon uchun muhim ahamiyat kasb etadi chunki urushni moliyalovchi qoradori biznesi shu yerda. Rasmiylar so'zlariga ko'ra, hozirda viloyatning 85 foizi toliblar nazoratida. Atigi bir yil oldin viloyatning 80 foizi hukumat qo'lida edi.

Barak Obama prezidentligi davrida AQSh Afg'onistondan deyarli barcha qo'shinlarini olib chiqdi. Hozir salkam 8,5 ming askar qolgan. Ular asosan mahalliy armiya malakasini oshirish bilan band. Shuningdek, al-Qoida va "Islomiy davlat"ga aloqador guruhlarga qarshi aksil-terror amaliyotlari o'tkazadi.

20-yanvardan prezidentlikka kirishayotgan Donald Tramp Afg'oniston bo'yicha qanday siyosat olib borishi hozircha noma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG