Breaking News

16 afg’onni o’ldirgan amerikalik aybiga iqror bo’lishi kutilmoqda


Afg’onistonda o’tgan yili 16 nafar oddiy fuqaroni otib o’ldirgan amerikalik askar sudda o’zini aybdor deya tan olishi kutilmoqda.

Advokatlarning aytishicha, serjant Robert Beyls shu tariqa o’lim jazosidan omon qolishi mumkin. Sudning keyingi yig’ilishi 5-iyun kuni Sietl shahrida o’tadi.

Prokuror Beylsni 16 odamni atayin, oldindan rejalab o’ldirganlikda ayblayapti. 2012-yilning martida u Afg’oniston janubida tinch aholiga qarata o’t ochib, ba’zilarini pichoqlagan. O’lganlar orasida to’qqiz nafar yosh bola bo’lgan.

Armiyaning bildirishicha, Beyls shu tariqa urushda jarohatlangan safdoshi uchun qasos olmoqchi bo’lgan.

Advokatlarning izohi shuki, askar yigit Afg’onistonga to’rtinchi bor xizmatga jo’natilishi bo’lgan va u qattiq ruhiy stressdan o’ziga kelolmay yurgan.

Shuningdek, Afg’oniston sharqidagi Jalolobod shahrida jangarilar kecha Qizil Xochning ofisiga hujum qilgan.

Otishma natijasida soqchi halok bo’ldi, deydi rasmiylar. Avvaliga idora darvozasi yonida bir odam o’zini portlatgan. Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, Qizil Xochning yetti xodimi sog’-omon, faqat bir kishi jarohatlangan.

“Biz siyosiy tashkilot emasmiz va hujumdan hayratdamiz”, - deydi Qizil Xoch rasmiysi Robin Vaudo.

“Tergov o’tkazib, buning sabablarini aniqlashga harakat qilamiz, chunki Afg’onistonda ishlashda davom etishimiz muhim”, - deydi u.

O’tgan hafta toliblar Kobulda Xalqaro migratsiya tashkilotining ofisiga hujum qilgan edi. O’shanda uch kishi, jumladan, politsiyachi nobud bo’lgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG