Breaking News

AQSh, Britaniya va Avstraliya atom suvosti kemalari bo’yicha bitim imzoladi


Avstraliya hukumati AQSh va Britaniya bilan imzolangan AUKUS kelishuvi doirasida Qo’shma Shtatlardan uchta jangovar atom suvosti kemalarini sotib olmoqchi.

Xalqaro hayot - 14-mart, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:09 0:00

AQSh Prezidenti Jo Bayden Avstraliyaga ilg’or texnologiyalar uzatilishiga qarshi emas.

"Biz tarixning burilish nuqtasida turgan ekanmiz, barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan mashaqqatli mehnat o’nlab yillar davomida tinchlik istiqbollariga ta’sir qiladigan paytda Qo’shma Shtatlar uchun Hind va Tinch okeani mintaqasida bundan yaxshi hamkor yo’q”, - dedi u.

Qo’shma kelishuv doirasida AQSh va Britaniyaning atom suvosti kemalari 2027-yildan boshlab Avstraliya suvlariga navbatma-navbat kira boshlaydi. 2030-yillar boshiga borib esa Avstraliya Amerikadan sotib olgan atom suvosti kemalarini suvga tushiradi. Kanberra boshqa suvosti kemalariga qarshi kurashuvchi bu kemalardan kamida uchta, jami beshta sotib olmoqchi. Uch mamlakat hamkorlikda yangi avlod atom suvosti kemasi loyihasi ustida ham ishlashga kelishib oldi. Bunga 20 yilcha vaqt ketishi aytilmoqda.

Ushbu submarinalar oddiy qurollar bilan jihozlanadi. Uch davlat rahbarlari yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi kelishuvlarga rioya qilishini bildirdi.

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanezning aytishicha, taxminan 150 milliard dollarlik loyiha mamlakatda minglab ish o’rinlari yaratadi, innovatsiya va tadqiqotga turtki beradi.

"AUKUS shartnomasi Avstraliya mudofaa salohiyatini oshirishga qaratilgan eng yirik sarmoyadir. U nafaqat Avstraliya milliy xavfsizligi, balki mintaqaviy barqarorlikni kuchaytiradi ham”, - dedi u.

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak uning mamlakati dunyodagi tahdidlarga tayyor turish maqsadida harbiy sarfiyatlarini yalpi ichki mahsulotning 2,5 foizigacha oshirishini e’lon qildi.

"So’nggi 18 oyda tahdidlar kuchayganini ko’rdik. Rossiyaning Ukrainaga noqonuniy hujumi, Xitoyning kuchayib borayotgan qat’iyatliligi, Eron va Shimoliy Koreyaning beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlari. Bularning barchasi xavf, tartibsizlik va bo’linishni belgilovchi dunyoning shakllanishiga olib keladi. Ushbu yangi voqelikka duch kelgan holda mamlakatlarimizning barqarorligini mustahkamlash har qachongidan ham muhimroqdir", - dedi u.

Pekin ushbu uchlik o’rtasidagi hamkorlikni tanqid qilib kelarkan, Vashingtonni raqobat va to’qnashuvni keltirib chiqarayotganlikda ayblaydi. Biroq G’arb tahlilchilari nazarida, bu Xitoyning Tinch okeanidagi agressiv siyosatiga javobdir.

"Hech bir harakatimiz Xitoyni gijgijlayotgani yo’q. Aksincha Xitoy harbiy salohiyatining o’ta kuchayayotganiga munosabat bu”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Mark Kennedi.

Atom suvosti kemalari bo’yicha kelishuv suverenitet masalasi va yirik davlat xarajatlariga aloqador bo’lgani uchun bu uch mamlakat qonunchilari shartnoma shartlarini ko’rib chiqishi kutilmoqda.

"Kelishuv tanqidchilari bor albatta, axir demokratik jamiyatlarda shunday bo’ladi. Loyiha juda katta, katta narsalar tikilgan o’rtaga”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Charlz Edel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG