Britaniyaning “Bi-Bi-Si” (BBC) teleradiokompaniyasi jahon xizmati Tojikistondagi muxbiri O’rinboy Usmonovning taqdiri yuzasidan chuqur tashvishda.
O’rinboy Usmonov 10 yildan beri Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritib kelayotgan edi.
Jurnalist 13 iyun kuni ishdan uyga qaytmagach, yaqinlari va kasbdoshlari uni izlashga tushgan.
Oradan bir kun o’tib, Tojikiston Xavfsizlik Xizmati xodimlari jurnalistni uyiga olib kelib, tintuv o’tkazgan.
“Ko’rinishidan, uni do’pposlashgani ayon”, -deydi uning oila a’zolari.
“Bi-Bi-Si” bayonotiga qaraganda, O’rinboy Usmonov Tojikistonda man etilgan Hizb-ut-Tahrir islomiy partiyasi bilan aloqa qilganlikda ayblanmoqda.
Jurnalist bu guruh faoliyati va a’zolari ustidan kechgan mahkama jarayonlarini yoritgan, bu haqda o’nlab maqolalar yozgan.
Lekin, deya bildiradi “Bi-Bi-Si”, O’rinboy Usmonovga qo’yilayotgan ayblovlar asossiz.
Tashkilot Tojikiston hukumatidan muxbirni darhol ozod etishni so’ramoqda.