Breaking News

Berlin devorining qulashi - tarixga nazar


Berlin devori qulashining 30 yilligi - tarixga nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:31 0:00

Germaniyada Berlin devori qulashining 30 yilligi nishonlanmoqda. 1961-yilda Sharqiy Germaniyadagi kommunistik hukumat qurgan devor fuqarolarning G’arbga qochishini to’xtatishga mo’ljallangan edi. Yuzlab odam chegarani kesib o’tayotganda otilgan. 1989-yilda devor quladi, biroq bugun Sharq va G’arb o’rtasida yangi sovuq urush boshlanayotgandek.

Bir paytlar Berlin devori bilan bo’lingan xalqning umidlari va xotiralari bitilgan lentalar Brandenburg darvozasi oldida osib qo’yilgan. 1987-yilning iyunida AQSh Prezidenti Ronald Reygan shu yerdan turib sovet rahbariga murojaat qilgan.

“Janob Gorbachyov, devorni buzib tashlang”, - degan edi Reygan.

Bu nutqdan ikki yil o’tib, nemislarning o’zi sovuq urush ramzini bolg’alar bilan qulatgan. Germaniya, Yevropa va global tartibni o’zgartirib yuborgan hodisa edi bu.

Sovet blokida bir necha oydan buyon bosim oshib borayotgan bir paytda, namoyishlar Sharqiy Germaniyaga tarqalgan. 9-noyabrda hukumat so’zlovchisi fuqarolar endi G’arbga sayohat qilishlari mumkin, deb bayon qilgan.

Kutilmagan e’lon byurokratik sarosima natijasi edi. Ammo sharqiy germaniyaliklar chegaraga oshiqdi, soqchilar darvozani ochdi.

O’shanda 19 yoshda bo’lgan Patrik Hartvig birinchilardan bo’lib chegaradan o’tib, kapitalizm timsoli bo’lgan Kurfyurstendamm bulvariga borgan. U bugun ham shu ko’chada ishlab kelmoqda.

“Butun tunni o’sha bulvarda o’tkazdim. Kimningdir mashinasida o’tirib, vino ichganmiz. Signal chalib ko’chalarda mashina haydaganimiz, bayram qilganimiz yodimda. 30 yil o’tib, bugun ham o’sha o’zgarishlarni ijobiy deb hisoblayman”, - deydi Hartvig.

O’sha tungi voqealar butun dunyoga aks-sado berdi. Bir necha hafta o’tgach, Sovet Ittifoqi va AQSh rahbarlari Mixail Gorbachyov va Jorj Bush sovuq urush tugaganini e’lon qildi.

“Tinchlik qaror topayotgandek, dunyo tinch joyga aylanyotgandek tuyulgan. Ba’zilar hatto bu tarix intihosi degan gaplarni aytishgan”, - deydi tarixchi Herman Ventker.

1991-yilda Sovet Ittifoqi quladi. Ammo keyingi 30 yilda Sharq va G’arb o’rtasidagi ziddiyatlar qayta jonlandi.

“NATO Polsha va Boltiqbo’yi davlatlarini a’zolikka qabul qilgani tahdid deb ko’rildi. Albatta, bu tahdid emas edi. Shimoliy alyans agressiv tarzda sharq tomon yoyilgani yo’q. Sharqiy Yevropa davlatlari o’zlari NATO a’zoligiga ariza topshirgan”, - deydi Ventker.

Yangi asr boshlanar ekan, Vladimir Putin hokimiyatga kelib, Rossiyaning qudrati va g’ururini tiklashga va’da berdi. Moskvada 1989-yildagi voqealarga bugun boshqacha ko’z bilan qarashadi.

“Gorbachyovning bugungi qiyofasi o’zgacha. Uni nafaqat Sharqiy Germaniyani qo’ldan boy bergan, balki Sovet Ittifoqini vayron qilgan inson deb bilishadi. Nazarimda, Vladimir Putin sovetlarning Yevropadagi gegemonlik mavqesini tiklashga harakat qilyapti”, - deydi tarixchi Herman Ventker.

2014-yilda Rossiya Qrimni kuch bilan tortib oldi va Ukraina sharqidagi separatistlarni quvvatlashga o’tdi. Sharq va G’arb o’rtasida yana sovuqlik, Rossiya va AQSh o’rtasida qurol poygasi. Moskva hammasida G’arbni ayblaydi.

“Agar G’arb davlatlari dono bo’lganida hammasi yaxshi bo’lardi”, - deydi rossiyalik deputat Konstantin Kosachyov.

Germaniya va butun dunyo Berlinga erkinlik kirib kelgan kunni nishonlamoqda. Ammo Sharq va G’arb o’rtasida tinchlik qaror topganicha yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG