Breaking News

Vitse-prezident Bayden: Respublikachilarda biror yangi g’oya yo’q


Jo Bayden saylovchilar oldida, Virjiniya shtati
Jo Bayden saylovchilar oldida, Virjiniya shtati
AQShda saylov kampaniyasi muhim pallaga kirar ekan, vitse-prezident Jo Bayden Barak Obamaning qayta saylanishi uchun qattiq ter to’kmoqda. Obama yutsa, Bayden ham o’z lavozimini saqlab qoladi.

Amerikada aksariyat siyosiy tahlilchilar nazarida ishsizlik sur’atining yuqoriligi hamda iqtisodiy tiklanishning sust kechayotgani noyabrda bo’ladigan saylovlarda Barak Obamaning qayta saylanish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Kampaniya davomida Obama butun diqqatni o’rta sinf vakillari va ishchilarga qaratmoqchi. Saylovchilarning bu toifalari demokratlarni hamisha qo’llab-quvvatlab kelgan.

Obama ular uchun soliqlarni yengillashtirishga va’da bermoqda. Baydenga esa respublikachilardan nomzod Mitt Romnining iqtisodiy rejasiga hujum qilish vazifasi yuklangan. Muxolifat yirik kompaniyalarga ham soliqlarni kesishni va’da qilgan.

"Respublikachilar rejasida biror yangi g’oya yo’q. Aksincha, g’irt adolatsizlik. Azobini esa o’rta sinf vakillari va kam daromadli ishchilar tortadi", - deydi Bayden.

Sent-Luis universitetida huquqshunoslik bo’yicha professor Joel Goldstaynning aytishicha, Obama ishchilar bilan til topishishi qiyin. 2008-yilgi saylovlarda buni yaxshi uddalay olmagan. Bayden esa, deydi olim, bu ishni qoyil bajaradi.

"Vitse-prezidentning vazifasi qisman ishchilar, o’rta sinf vakillari, demokratlarning 2008-yilgi ichkipartiyaviy saylovlarda Obamaga ovoz bermagan qismi bilan ishlashdan iborat", - deydi Goldstayn.

Demokratik partiya vakillari Baydenning ishchilar oilasidan kelib chiqqaniga hamisha urg’u berib keladi. Bayden Pensilvaniya shtatining sanoatlashgan shahrida tug’ilgan bo’lib, otasi ba’zida ish topolmay qiynalgan.

Bo’lajak vitse-prezidentning oilasi 10 yoshida Delaver shtatiga ko’chishga majbur bo’ladi.

“O’rta sinf vakillari edik” deya eslaydi Bayden.

Professor Goldstayn nazarida Baydenning ijtimoiy kelib chiqishi kampaniya davomida ishchilar bilan muloqot qilganda qo’l kelmoqda.

“Vitse-prezident Bayden oddiy oiladan chiqqani uchun o’tmishda demokratlar elektoratining eng muhim qismi bilan til topisha olgan”, - deydi mutaxassis.

Seshanba kuni Bayden Minnesota shtatida bo’lib, iqtisodiy qiyinchliklarning o’rta hol amerikaliklar hayotiga ta’siri haqida so’zladi.

Tahlilchilarning aytishicha, Bayden nutqini tayyorgarliksiz, qog’ozga qaramay o’qib, oddiy xalq bilan yaqin bo’lgisi keladi, ammo ba’zida qovun tushirib qo’yadi.

Shunga qaramay prezident Obama Bayden saylovchilar ko’nglini ovlay olishiga ishonadi. Saylovlargacha bo’lgan davr mobaynida vitse-prezident bir necha shtatda bo’lib, fabrika, zavod, maktab va jamoalarda saylovchilar bilan uchrashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG