AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Sovuq urushiga qaytishni yoki Rossiya bilan mojaro bo'lishini istamaydi. Unga ko'ra, Rossiyaga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalar samara bermoqda.
Karter bu haqda Berlindagi forumda so'zlagan.
"Rossiyaga dushman bo'lishni istamaymiz, ammo zarur bo'lsa, ittifoqchilarimizni mudofaa qilishga tayyormiz", - dedi vazir.
Uning aytishicha, AQShning Rossiyaga e'tirozi yolg'iz Ukraina bo'yicha emas.
"Rossiya hech kimni majburlab ortga qaytara olmaydi, biz uni kelajak sari yurishga da'vat etamiz", - dedi Karter.
Ertaga AQSh mudofaa vaziri Estoniyada bo'lib, Estoniya, Latviya va Litva mudofaa vazirlari bilan uchrashadi.
Chorshanba va payshanba kunlari esa Bryusselda NATO majlisida Rossiya masalasi ko'tariladi.
Qo'shma Shtatlar Sharqiy Yevropaga tank va boshqa og'ir qurollar yuborib, mamlakatlar bilan harbiy mashg'ulotlar o'tkazishni rejalamoqda. Reja rasman tasdiqlanmagan hali.
Mudofaa vazirlari, shuningdek, "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurash xususida ham gaplashadi.
Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bugun Lyuksemburgda majlis qilib, Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirishga kelishib oldi.
Sanksiyalar Rossiyaning energetika, mudofaa va moliya jabhalariga qaratilgan bo'lib, 2014-yil iyulida joriy etilgan edi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Qrimni o'ziga qo'shib olganini tanqid qiladi, uni Ukraina sharqida isyonchilarga yordam berayotganlikda ayblab keladi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, sanksiyalar asossiz bo'lib, Rossiya javob choralari qo'llashga majbur bo'ladi. Tahlilchilarga ko'ra, Yevropa oziq-ovqat mahsulotlari importi yanada cheklanishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi vakili Maya Kodiyanchichning aytishicha, Minsk shartnomalari bajarilmas ekan, sanksiyalar bekor qilinmaydi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina hukumatini bitimga rioya qilmayotganlikda ayblab, G'arb va AQShdan Kiyevga bosim qo'yishni so'ragan.