Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina mojarosini hal qilish uchun Kiyevga bosim o'tkazing, deya Qo'shma Shtatlar va boshqa G'arb davlatlariga murojaat qilmoqda.
O'tmishda imzolangan sulh bitimlari janglarni faqat vaqtincha to'xtata oldi xolos. Sankt-Peterburgda o'tgan iqtisodiy forumda Putin shu haqda so'zladi.
Sankt-Peterburgda har yili o'tadigan xalqaro biznes anjumanda, nomidan ma'lumki, biznes va sarmoya masalalari muhokama qilinadi.
Ammo kelasi yilgi iqtisodiy rejalari haqida televideniye orqali hisobot bergan Vladimir Putin, "keling, Ukraina haqida ham gaplashmoqchi bo'lsangiz, gaplashamiz" deya, forum moderatori, amerikalik jurnalist Charli Rouzning savollariga javob berdi.
Rossiya nazarida bu mojaroni qanday hal qilish mumkin, degan savolga Vladimir Putin, avvalo, Belarus poxtaxtida imzolangan sulh kelishuvi to'la bajarilishi kerak, deya javob berdi.
Putin so'zlariga ko'ra, agar ushbu kelishuvning biror bandi Rossiyaga ma'qul bo'lmaganida edi, hujjatni imzolamagan bo'lardi. Unda bitilgan barcha shartlar, xususan, Ukrainada konstitutsion reformalarni amalga oshirish kerak, deydi u.
Moskva Ukraina sharqidagi separatist kuchlarni qurolini tashlashga, ularni tinchlikka ko'ndirishi kerak, degan gaplarni ko'p eshitamiz, deydi Putin. "Ammo buning o'zi yetmaydi, Amerika va Yevropa ham Kiyevga bosimni oshirsin", deya qo'shadi u.
Shu oy Ukraina armiyasi va rossiyaparast isyonchilar o'rtasida janglar yana avj oldi. Ukraina hukumatiga ko'ra, isyonchilarni Kreml moliyaviy va harbiy jihatdan quvvatlab turibdi.
Buning ustiga, Ukraina chegarasida minglab rus askarlari joylashtirilgani Rossiya istagan payt qo'shni davlatga bostirib kirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan.
Harbiy tahlilchi Pavel Felgengauerning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, yaqinda chegara hududga yangi qo'shinlar tashlangan.
"Ular jangga tayyor. Agar Rossiya yoz oylarida harbiy kampaniya boshlamoqchi bo'lsa, hozir buning ayni vaqti. Bu hududlarda harbiy operatsiyalar odatda yozning o'rtasida, eng quruq paytda o'tkaziladi. Yoki hammayoq muzlagan qish paytida", - deydi tahlilchi.
Moskvadagi Jahon iqtisodiyoti institutidan Nadya Arbatova fikricha esa, urushga siyosiy yechim topishga haliyam kech emas.
"Rossiya Ukrainaning neytral, betaraf maqomga ega bo'lishini istaydi. Bu Vladimir Putin uchun, Rossiya rahbariyati uchun muhim shartlardan. Bunga kelishib olsa bo'ladi, murosa imkonsiz emas", - deydi Arbatova.
Ukraina hukumati bunday shartga ko'nishi qiyin bo'ladi. Biroq siyosatda murosa bo'lmasa, muammolarni hal qila olmaysiz, deydi Arbatova.