Breaking News

Donetsk ahli: Bizga faqat tinchlik, osoyishtalik kerak


Donetsk ahli: Bizga faqat tinchlik kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00

Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo’shilmoqchi bo’lib turgan bir paytda, sharqdagi isyonchilar avtonomiya uchun kurashayotganini aytadi.

O’z-o’zini boshqarishga harakat qilayotgan Donetsk va Lugansk shaharlari tobora ko’proq Rossiya yordamiga tayanmoqda. Urushdan charchagan mintaqa aholisi esa o’z siyosiy kelajagiga befarq.

Yelena Donetskda o’z kofe do’koniga ega. U Ukraina g’arbidan kelayotgan mahsulotlar keskin kamayganini aytadi.

Isyonchilar nazoratidagi shaharlarga tovarlar Rossiyadan kelmoqda. G’arbiy chegaralarda mahsulot 10 soatlab qolib ketishi mumkin.

“Biznes oqsayapti, chunki bizga kerakli mahsulotlar kelmay qo’ydi”, - deydi Yelena.

Supermarketlarda oziq-ovqat avvalgidek xilma-xil emas, narxlar baland. Supermarketda bozor qilishga ham, kafeda o’tirishga ham pulimiz yo’q, deydi ayrimlar. Ko’pchilikdan quyidagi gapni eshitasiz - region kimning nazoratida ekani bizga farqi yo’q.

“Muhimi, urush bo’lmasin. Tinchgina hayot kechiraylik, ishlaylik. Ko’chada qo’rqmasdan yurishni, sog’-salomat bo’lishni istaymiz. Qaysi taraf bilan bo’lishimizning ahamiyati yo’q”, - deydi Yelena.

Yil boshida imzolangan bitimda sharqiy hududlarga kengroq muxtoriyat berish belgilangan edi. Lekin Ukraina tarkibida qolish uchun ancha qon to’kildi, deydi polkovnik Aleksandr Kurinkov.

“O’g’lim Ivan shu urushda halok bo’ldi. Xotinim buni hech qachon kechirmaydi. Chegaraning u tomonidagilar menga hech kim emas. Yo’limiz har xil”, - deydi u.

Bo’lginchi yetakchilar o’zi va Moskva nomidan gapiradi, deydi Ukraina prezidenti matbuot kotibi Rostislav Pavlenko. Uning aytishicha, hududga avtonomiya beriladi va moliyaviy aloqalar tiklanadi. Lekin avvalo janglar to’xtashi va saylov o’tkazilishi kerak.

“Saylovdan so’ng davlat ijtimoiy majburiyatlarini bajarishi mumkin. To’lovlar egasiga yetib borishi zarur, qurollangan odamlar qo’liga emas”.

Donetskdagi banklardan birida pensiyalar rublda berilyapti. Ko’mir kabi eksport mahsulotlar ham Rossiyaga sotila boshlagan. Isyonchilar Rossiya tarkibiga kiraylik deb murojaat qilsa-da, Moskva ko’nmagan.

Donetsk universiteti tarixchisi Kirill Cherkashin so’zlariga ko’ra, mintaqa Ukraina tarkibida qolishini tasavvur qilish qiyin.

“Lugansk va Donetsk Xalq respublikalarini xalqaro hamjamiyat mustaqil deb tan olmasa ham, ular o’z siyosatini o’zi belgilaydigan davlatlar bo’ladi. Nomiga Ukrainaning bir qismi bo’lib qolsa ham”, - deydi Cherkashin.

Kuzatuvchilar nazarida separatistlar Rossiyadan yo’l-yo’riq olib turibdi. Region aholisi esa faqat tinchlik istaydi. Qaysi davlat tarkibida bo’lish ular uchun ahamiyatsiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG