2015-yilda Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o’sish sur’ati o’tgan yilga qaraganda ikki baravar sekinlashadi. Sharqiy Yevropa, jumladan Ukrainada esa ko’rsatichkar salbiy bo’lishi kutilmoqda. Ushbu bashoratlar Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasining Vashingonda o’tgan qo’shma majlisida yangradi.
Neft narxi tushib ketgani hamda Rossiyada chuqurlashayotgan inqiroz Yevrosiyodagi ko’plab mamlakatlarni qiyin ahvolga solib qo’ygan. Yevropa qit’asidagi 21 davlat va Markaziy Osiyoni o’z ichiga olgan katta bir mintaqada o’sish bu yili uch foizdan oshmaydi, deya taxmin qiladi Jahon banki mutaxassislari.
“Neft eksportiga tayanuvchi respublikalarda savdo-sotiq va daromad kamayishi tufayli yalpi ichki mahsulot qisqara boshlagan. Buning jabrini avvalo yo’qsil oilalar tortadi. Qurilish va boshqa sohalarda ish o’rinlari kamayishi va hukumatlar ijtimoiy sohaga kamroq pul sarflashini hisobga oladigan bo’lsak, bu yili kambag’allik darajasi oshishi kutilmoqda”, - deydi Lora Tak, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha vitse-prezidenti.
2014-yilda Rossiyada iqtisodiy o’sish atigi yarim foizni tashkil etgan, bu yili esa qariyb 4 foizga qisqarsa ajabmas. Ushbu raqam qora oltin bahosi 50-60 dollar atrofida qolaverishini va Ukraina mojarosi hali-beri yechim topmasdan sanksiyalar joyida qolishini nazarda tutadi. Lekin iqtisodchilarning tan olishicha, Prezident Vladimir Putinning “eng o’gir paytdan o’tib oldik” degan gapida ham jon bor.
Mehnat muhojirlari orqali Rossiyadan Markaziy Osiyoga kirib kelayotgan mablag’ bu respublikalar iqtisodiyotini ko’tarib turgan asosiy manbadir. Pul o’tkazmalari xalqaro madad va investitsiya hajmidan bir necha baravar ko’p.
Rossiya Markaziy banki ma’lumotiga ko’ra, 2014-yilda xorijdagi mehnatkashlar O’zbekistonga 5,6 milliard dollar, Tojikistonga 3,8 milliard dollar, Qirg’izistonga 2 milliard dollar, Qozog’istonga 577 million dollar va Turkmanistonga 31 million dollar yuborgan.
Joriy yilda oilalarga xorijdan kelayotgan bu pul 13 foizgacha kamayishi kutilmoqda.
O’zbekistonda iqtisodiy o’sish maqtansa arziydigan darajada yuqori - har yili 7-8 foizni tashkil etadi. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar o’z tahlillarini tuzayotganda hukumat beradigan ana shu raqamlarga tayanadi. Lekin bu raqamlar qanchalik ishonchli?
"Bank hukumatdan olinadigan ko’rsatkichlar aniq bo’lishini, axborotni yig’ish jarayoni shaffof bo’lishini so’raydi, xolos", - deydi Jahon banki bosh iqtisodchisi Gans Timmer:
“Shuni yodda tutingki, mamlakat taraqqiyoti faqatgina yalpi milliy mahsulotni aks ettiradigan raqam bilan belgilanmaydi. O’zbekiston, masalan, past daromadli davlatlar sirasiga kiradi. Shuning uchun yuqori o’sish sur’ati bu nisbiy tushuncha”.
O’sish raqamlari muntazamligi, deydi ekspert, xalqaro iqtisodiyot bilan integratsiyalashmagan davlatlarga ham xos narsa.
Bir necha yildirki, xalqaro va mahalliy huquq tashkilotlari Jahon bankiga O’zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnat keng qo’llanishini eslatib keladi. Bank esa qishloq xo’jaligiga kreditlar ajratishda davom etmoqda va bunday shikoyatlarni tekshirmaydi.
Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bu haqda nima deydi?
“Jahon bankiga 188 mamlakat a’zo bo’lsa, har biri taraqqiyotning turli bosqichlarida va har birida o’ziga xos muammolar bor. Hukumatlar bilan iloji boricha yaqinroq hamkorlik qilamiz. Maqsad qashshoqlikni kamaytirish. Jahon banki siyosiy tashkilot emas, lekin murakkab siyosiy muhitda ham faoliyatini olib boradi. Ishimiz oson emas. Ko’p tomonlama hamkorik bilangina yo’qsillikdan qutulish mumkin, shuning uchun hukumatlar bilan ishlashda davom etamiz”.