Breaking News

O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi real kurash qachon boshlanadi?


Gulnora Karimova va Gayane Avakyan, bir necha yil oldin olingan surat. Avakyan bugun qamoqda.
Gulnora Karimova va Gayane Avakyan, bir necha yil oldin olingan surat. Avakyan bugun qamoqda.

O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, korrupsiyaga qarshi keskin kurash ketmoqda. Lekin ekspertlar bunga ishonmaydi, ichki hisoblashuv bu, deydi ular.

O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga ko'ra, korrupsiyaga qarshi keskin kurash ketmoqda. Qay martaba egasi bo'lmasin, aybdor shaxs qonun oldida javob beradi, deydi rasmiylar. Biroq tergov va sud haqida xalqqa axborot berilmaydi.

So'nggi ikki yil ichida avj olgan kampaniya markazida Prezident Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova va uning atrofidagi odamlar turibdi. Karimovaning ma'shuqi Rustam Madumarov va yaqin dugonasi Gayane Avakyan uyushgan jinoyatchilik va moliyaviy tovlamachilikda ayblanib sudlandi. Madumarov 10 yilga, Avakyan esa 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayrim manbalarga ko'ra, amnistiya sabab bu jazo muddatlari hozirda qisqartirilgan bo'lishi mumkin.

Yulg'ichlikka qarshi yirik ishlardan biri 2013-yilda prezident rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani Akbarali Abdullayevga qarshi ochilgan. 30 yoshli Abdullayev Farg'ona va Navoiy viloyatlarida olib borgan noqonuniy biznes faoliyatida 800 million dollar o'margan, deyiladi tergov xulosalarida.

Rasmiy hujjatlarda qayd etilishicha, Abdullayev neft, go'sht, yog' hamda sement biznesida yirik o'g'rilik va qo'poruvchilik ishlari qilgani aniqlangan. Uning qatorida yana 60 ga yaqin odam sudlangan.

Biroq Abdullayev va uning sheriklariga qanday jazo berilgani haqida ma'lumotlar mavjud emas. Jarayonni yaqindan kuzatayotgan mutaxassislar ham bu haqda bilmaydi. Prezidentning oilasi bilan aloqador bizneslar bo'yicha izlangan ekspertlar deydiki, Abdullayev juda ko'p hollarda o'zini ularning vakili deb ko'rsatgan.

Ko'plab hujjatlar buni isbotlaydi, deydi Yevropada tekshiruvlar olib borgan jurnalistlar. Toshkentda uy qamog'ida o'tirgani taxmin qilinayotgan Gulnora Karimova vatandagi jinoiy tekshiruvlarga aloqador shaxs deb bayon qilingan, biroq unga rasman ayblov qo'yilmagan.

Yaqinda e'lon qilingan jurnalistik tekshiruv natijalari shundan dalolat beradiki, Gulnora Karimova xorijiy uyali aloqa bizneslarini O'zbekistonga kiritish uchun ulardan 1 milliard dollarga yaqin pora olgan. AQSh hukumati o'z tergovida aniqlashicha, Shvetsiya va Finlandiyaning "TeliaSonera" (Ucell), Gollandiyaning "VimpelCom" (Beeline) va Rossiyaning "MTS" (2012-yilgacha MTS, hozirda UMS) kompaniyalari O'zbekiston rasmiylariga katta miqdorda pora bergan. Bu pullarni faqat prezident qizi yemagani aniq, deydi Toshkentdagi manbalar.

Xalqaro maydonda tobora jadallashayotgan tekshiruvlar oqibatida, deydi ingliz mutaxassis Deyvid Luis (David Lewis), bugun O'zbekistonda korrupsiya ko'lami haqida yaxshiroq tasavvurga egamiz.

Birinchidan, deydi Britaniyaning Ekseter (Exeter) universiteti professori, korrupsiya O'zbekistonda siyosiy xarakterga ega. Ikkinchidan, butun tizim korrupsiyaga asoslangani uchun unga qarshi kurashish deyarli mumkin emasdek tuyuladi. Uchinchi murakkab jihati, bu yulg'ich sistema endilikda xalqaro maydonga ham sizib chiqqan, deydi Luis, G'arbda fosh etilayotgan ishlarga ishora qilib.

O'zbekistonda pora - siyosiy qurol, har qanday ishni bitirish uchun ta'sir vositasi, deya tushuntiradi professor.

Qarorlar rasmiy hukumat niqobi ostida norasmiy ravishda qilinadi. Bu shunchalik chuqur ildiz otib ketgan odatki, yulg'ichlik va pora naqadar og'ir jinoyatlar ekani unutilgan. O'zbekistonda real siyosat ana shu muhitda olib boriladi, rasmiy shaklda emas, deydi mutaxassis.

Akbarali Abdullayev, Prezident Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani, 800 million dollar o'marganlikda ayblangan
Akbarali Abdullayev, Prezident Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani, 800 million dollar o'marganlikda ayblangan

O'zbekiston bir qarashda barqaror muhitdek ko'rinadi, biroq uni tebratayotgan jinoiy elementlar, mahalliy-siyosiy-biznes kuchlar orasidagi muvozanat buzilsa, ahvol qanday kechadi? Gulnora Karimovaga qarshi kampaniya ortida ham shunday kuchlarni ko'rish mumkin, deydi Luis, ya'ni o'ta korrupsiyalashgan maydonda ichki kurash ketmoqda. Jamiyatning qolgan a'zolariga bu kurashdan biror naf yo'q. O'nlab, yuzlab odamlarni sudlash va qamash bilan tuzum tabiati o'zgarib qolmaydi. Oshkoralikdan darak yo'q.

Xo'sh, jamiyat bu holatdan chiqishi yoki chiqa boshlashi uchun nima qilmoq zarur?

Ekspert siyosiy iroda kerak deydi. Eng yuqorida o'tirganlar mana shu o'ta korrupsiyalashgan holatdan qutulishga qaror qilmog'i kerak. Bu degani siyosiy islohotlar boshlaysiz, real reformalar. Lekin bu jarayonni kim boshqaradi, axir real islohotlar hokimiyatda o'tirganlarning tagiga suv quyishi mumkin. Mana shu chigallikdan chiqib ketish har bir jamiyat oldidagi eng og'ir vazifa, deydi Luis, chunki bu mashaqqatlarni boshdan kechirmagan xalqni topish qiyin.

Korrupsiyaga qarshi kurashda qonun ustuvorligi va mustaqil adliya, erkin jurnalistika va axborot vositalari, erkin va mustaqil fuqaro jamiyati va xalqaro monitoring organlarining roli buyuk. O'zbekistonda bularning birortasi mavjud yoki ular tomon harakat bor deyish qiyin.

Paxta sohasi qanday yuritilishini tekshirgan odam bu sektor ham boshdan oyoq korrupsiyalashganini ko'radi, deydi Jeff Goldstayn, Ochiq jamiyat jamg'armasida yetakchi muxassis. Bu tashkilot oq oltin, yulg'ichlik va majburiy mehnat masalasi haqida tahlilnoma chop etgan. Paxtadan tushgan millionlab dollar daromad juda kichik doiraga tegadi, deydi Golstayn. Yer va urug'dan tortib, paxta terimi, zavodlar va savdo - butun jarayon qo'poruvchilikka asoslangan. Majburiy va arzon mehnat evaziga yig'iladigan mahsulot milliy boylik deya qayd etilsada, uning juda kichik qismi paxtakorlar va mehnatkashlar hamyoniga boradi, deydi Goldstayn. Adolat talab qilsangiz, dushmansiz, ovozingizni o'chirishadi.

Mart oyi boshida Vashingtonda Ochiq jamiyat jamg'armasida o'tgan tadbirda gapirgan o'zbekistonlik huquqshunos Mirakmal Niyozmatov tahlilicha, respublikada advokatlik qilish va huquq himoyasi nafaqat nazorat ostida balki kishanlangan.

Korrupsiyaga qarshi kurah eng tepadan boshlanishi kerak
Korrupsiyaga qarshi kurah eng tepadan boshlanishi kerak

Bu boradagi islohotlar jadal deb bong urish bilan sistema yangilanmayapti. Aksincha, kundan-kunga karaxtlashib bormoqda. Qonunlar izchil o'rganilganida adliya mustaqilligi emas, uni tobora cheklashga urinilayotgani seziladi.

Sudlar - prokuratura qo'lida o'yinchoq. Masalan, suddan oldin kimnidir hibsda saqlash uchun talablar aslida yuqori bo'lishi kerak, lekin O'zbekistonda sudlar prokuratura bu haqda so'raganida, kamdan-kam hollarda yo'q deydi. Mayli, hibsda qolsin, degan hujjatga darrov imzo chekiladi. 2008-yildagi tekshiruv shuni ko'rsatganki, mamlakat bo'ylab 16 ming 610 holatning faqat 248 tasida sudlar ayblanuvchi hibsda saqlanmasligini buyurgan.

Niyozmatov mustaqil adliyaga erishishda ta'lim va malakaning roli beqiyos deydi. Uning fikricha, jamiyat xalqaro tajriba bilan tanishib, o'zaro muhokama qilishi, odamlar qonun va huquqni hurmat qilishni o'rganishi kerak. Fuqaro jamiyati va matbuot bu jarayonda yetakchilik qilsin desak, ularga real erkinlik berish kerak.

Jamiyat ishonchi oshgani sari axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar ham o'z bo'yniga ulkan vazifalar yuklanganini his etib, qattiqroq ishlay boshlaydi, deydi mutaxassislar. Axborotni cheklash bilan o'ta korrupsiyalashgan tuzum o'z hayotini uzaytirishga harakat qiladi. Lekin bu jarayon qancha davom etishi mumkin?

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG