Breaking News

Chikagodagi otishmalar mamlakat darajasidagi muammo


2017-yil davomida Amerikaning Chikago shahrida ikki mingga yaqin odam qurolli zo'ravonliklar qurboni bo'lgan. O’limlar soni o’tgan yilgiga nisbatan kamaygan bo’lsa-da, Prezident Tramp ma’muriyati vaziyatdan norozi. Federal hukumat muammo ko'lamini kamaytirish uchun Illinoys shtati va mahalliy shaharlarga ko'proq yordam ajratilishini bildirdi. Lekin Chikagoni hali quroldan holi joy deb bo’lmaydi.

​2017-yil iyul oyida to’rt kun ichida 100 dan ortiq odam o’qqa tutildi. Ulardan 15 tasi halok bo’lgan. 16 yoshli Karlos Yanez uchun bu yangilik emas.

“Nima deyishim mumkin? Vaqt o’tib ko’nikib qoldik. Bizga yordam beradigan odamning o’zi bo’lmasa, nima qila olamiz axir?” - u.

Politsiya xodimlarining ko’paygani va muammo mamlakat darajasida muhokama qilingani Janubiy Chikago mahallalariga hech qanday yordam bergani yo'q.

“Qurolli zo’ravonlik ilgaridan bor edi, yana ortaveradi. Yangicha jihozlangan politsiya mashinalari ko'paygani bilan jinoyatning oldini olib bo’lmaydi”, - deydi Yanez.

Yanez otishmadan omon qolganlardan. U jinoiy to'dalarga aloqasi yo'qligini aytadi, lekin unga qarata 5 ta o’q otilgan. Atrofidagilar halok bo’lgan, jarohatlanganlar bor.

“Menga o’q uzishdi. Do’stlarim halok bo’ldi. 13 yoshimda ham shunday otishmalarda yaqin do’stimni yo’qotganman. Bu janubiy chikagoliklar uchun oddiy holat. Atrofda o’lim tahlikasi”, - deydi faollardan biri Berto Aguayo.

Berto o’sgan mahalla bir qarashda osoyishta ko’rinadi. Nog’ora sadolari o’q ovozi o'rnini egallagan. Berto yoshlarga bosh bo'lib, mahallada tinchlikni oshirishga hissa qo'shmoqda.

“Maqsadimiz aholiga xotirjamlik ulashish. Yoshlarning qatnashishi ijobiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi Berto Aguayo.

“Tinchlikni oshiring” loyihasi Chikago bo’ylab juma kunlariga rejalangan yozgi tadbir. Tashkilotchilardan biri Destini Gayger qo’limizdan kelgani hozircha shu, deydi.

“Muammoning ildizi mablag'ning yo'qligida. Zo’ravonlikni yo’qotish uchun yechim topishni resurslar yetishmasligi muammosini hal qilishdan boshlash kerak”, - deydi Deztini.

Uning fikricha, mahallalarda yoshlarga maxsus guzarlar yaratilsa, sog’lom va ijobiy faoliyat bilan shug’ullanishga imkon bo’ladi. Deztinining maqsadi qurolli zo’ravonlikni yo’qotish.

“Jamiyatni zo’ravonlik emas, yoshlar shakllantiradi. Demak, zo’ravonlikdan ko’ra yoshlar yetakchiligiga e’tiborimizni qaratsak, maqsadimizga erishamiz”, - deydi u.

Lekin otishmalar hamon avjida. Tinchlik marshi o'tkazilgan kunlar 41 odam o’qqa tutildi. Ulardan uchtasi hayotdan ko’z yumgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG