Dunyo bo’ylab 16 ta Inson huquqlari tashkilotlari Xitoyning uyg’ur va turkiy xalqlari musulmonlariga o’tkazayotgan diniy tazyiqini xalqaro tergov qilishga chaqirmoqda. Xitoyning Shinjon viloyatidagi yirik lagerlarida ommaviy qamoqqa olingan musulmonlar taqdiri BMT Inson huquqlari kengashi e’tiborini tortgan. Kengash navbatdagi sessiyada Shinjon masalasiga yechim topishni maqsad qilgan.
2018-yil avgust oyida BMT ning Irqchilikka qarshi qo’mitasi Xitoyning inson huquqlari yuzasidan hisobotini ko’rib chiqar ekan, Kengash a’zolaridan biri kutilmaganda Xitoy delegatsiyasini jiddiy savolga tutdi. Shinjon viloyatidagi yirik lagerlarda saqlanayotgan bir million uyg’ur masalasi ko’tarildi.
Sara Bruk Inson huquqlari bo’yicha xalqaro xizmatlar tashkilotining Osiyo bo’yicha vakili. U bu muammo ko’tarilganining o’zi katta ish deydi.
“Ekspertlar kengashi Jenevaga yuborilgan Xitoy delegatsiyaning nozik joyidan tutdi. Xitoy uchun bu o’ta qiyin savol. Lekin javob berishga majbur. Menimcha, ko’tarilgan muammo Xitoyda mavjud emas deb ishontirishga urinish delegatsiya a’zolarini qiynab qo’ydi”, - deydi Sara Bruk.
Oradan vaqt o’tib, Xitoy delegatsiyasining javobi butun dunyoga tarqab, global tanqidga sabab bo’ldi. Shundan so’ng Xitoy, uyg’ur va turkiy xalqlar musulmonlarini “qayta tarbiyalanuvchilar” lagerida saqlayotganini tan oldi.
“Human Rights Watch” tashkilotining ijrochi direktori Ken Rotga ko’ra, Xitoy hukumati ekstrimizm va terrorizmga qarshi kurashishga urinayotganini da’vo qilmoqda.
“Bu delegatsiyaning maqsadi turkiy xalqlardan bo’lgan musulmonlarning etnik va diniy e’tiqodini butunlay yo’q qilish va Xitoy hukumati, Kommyunistik partiyasiga bo’ysundirish va ularni ham Si Zinpin boshqaruvi ostiga olish”, - deydi u.
Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, lagerda saqlanayotganlar siyosiy ta’qib ostida. Ularga dinini o’zgartirishiga majburlab bosim o’tkazilmoqda, hatto qiynoqqa solish holatlari ham uchraydi. Yaqinlari bilan bog’lanish yoki advokat olishga ham ruxsat yo’q.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti bosh kotibi Kumi Naidu Xitoy g’arbidagi Shinjon viloyatini ochiq havodagi qamoqqa qiyoslaydi. Hudud kameralashgan, barchaga birday madaniyat majburiy singdiriladigan, odamlar g’oyib bo’lib qoladigan, asossiz hibsga olinadigan makon. Bu Xitoydagi ozchilik etnik guruhlar tug’ilib o’sgan yurtida begona bo’lib yashashga majbur degani.
“Qancha ko’p odam ushlansa, Xitoy hukumati ota-onalar “qayta tarbiyalanguncha” ularning farzandlari uchun javobgarlikni bo’yniga olishi, yangi bolalar uylarini ochishi kerak. Lekin Xitoy bu hududga mustaqil kuzatuvchilarni ham, boshqalarni ham kiritmayapti. BMTning qayta-qayta qilayotgan murojaati esa inobatga olingani yo’q”, - deydi Bosh kotib Kumi Naidu.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan har ikkala Inson huquqlari himoyachilari ham Xitoy o’z xalqiga qo’llayotgan repressiv harakatlari uchun javob berishi va BMT vaziyat yuzasidan tergov talab qilishi shart deb hisoblaydi.
“Musulmonlarning AQShga safarini ta’qiqlash to’grisidagi Prezident Tramp farmoni musulmon dunyosi uchun haqorat edi. Bir million musulmonni dinidan voz kechishga zo’rlab, o’z xalqini muddatsiz qamoqqa tashlayotgan Xitoyga nimadir uqtirishdan naf yo’qday”, - deydi Ken Rot.
Uning fikricha, BMT Shinjon musulmonlari borasida haqiqatni yuzaga chiqarishi kerak. Ayniqsa, Xitoy rasmiylari o’z xalqiga o’tkazayotgan tazyiqlarini tan olmas ekan, BMTning Inson huquqlari kengashi oldida katta ziddiyatli vazifalar turibdi.
Inson huquqlari himoyachisining aytishicha, shafqatsizlarcha qilinayotgan diniy zo’ravonliklarda Kengashda eng muhim vazifani bajaruvchi odam javobgarlikka tortilishi kerak. Bunda dunyo ko’z o’ngida ochiq tergov qilinsagina, Xitoyning uyg’ur xalqiga munosabati o’zgarishi mumkin. Gap Xitoyning Shinjon muxtoriyatida yashayotgan 10 million inson hayoti haqida, deb qo’shib qo’ydi Ken Rot.
Facebook Forum