O'tgan hafta BMTda dunyoning 170 dan ortiq davlati, jumladan, AQSh va Xitoy Parijda erishilgan global iqlim kelishuviga imzo chekdi. Bitimning asosiy shartlaridan biri shuki, davlatlar atmosferaga chiqayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirishi kerak. Ammo iqtisodiy zararini ro'kach qilib, unga qarshi chiqayotganlar ham ko'p.
Baltimordagi Marlin po'lat zavodi farmatsevtika va avtomobl kompaniyalariga qismlar ishlab chiqaradi.
"Qo'limdagi narsa hozirgi mashhur Ford F150 yuk mashinasi qismlarini ushlab turadi", - deydi kompaniya rahbari ishlab chiqarilgan mahsulotlardan birini ko'rsatib.
Dryu Grinbletning aytishicha, eng katta xarajat energiyaga ketmoqda.
Shu bois u kamxarj chiroqlardan foydanalish niyatida.
"Barchasiga svetodiod chiroqlarini o'rnatmoqchimiz. Bu energiya xarajatlarimizni qisqartiradi. Doim bu sarflarni kamaytirish yo'llarini qidiramiz", - deydi u.
Shu bois u issiqxona gazlarini kamaytirish haqidagi Obama taklifidan xavotirda.
Agar zavod yangi talablarga javob bermasa, uglerod gazi uchun qo'shimcha soliq to'laydi. Bundan maqsad kompaniyalarni ixtiyoriy ravishda energiya sarfiyatini kamaytirishga undash.
Ammo Grinbelt xarajatlar, aksincha, oshishidan tashvishda.
"Bu ishchilarimizga ta'sir qiladi. Natijada zavodimizdagi odamlar sonini kamaytirishga majbur bo'lamiz", - deydi u.
Merilend shtatida allaqachon uglerod gazlari uchun soliq joriy etilgan.
Kutilgan og'ir yo'qotishlar yuz bermadi.
Iqtisodiyot o'sishda davom etdi. Qo'shimcha soliq joriy etilgan to'qqiz shtatda rivojlanish boshqa shtatlarga qaraganda yuqoriroq.
Buning sabablaridan biri tejamkorlikda.
Masalan, "Elysian Energy" kompaniyasi teshiklarni yamash bilan shug'ullanadi.
"Havo boloxona orqali pastki qavatlarga o'tadi. Bu esa isitish va sovutish tizimlarining kutilgandek ishlashiga yo'l bermaydi", - deydi kompaniya vakili Joel Allen.
Tomlar yamalgach, oila kamroq energiya sarflaydi. Bu zararli gazlar miqdorini ham, pulni ham tejaydi.
Uglerod solig'idan tushgan pul evaziga ochilgan kurs orqali Allen ishli bo'ldi. U hozir avvalgi ishiga qaraganda ikki barobar ko'proq topadi.
"Eng kam ish haqiga ishlardim, hozir 40 ming dollardan ko'proq topaman. Mening yoshimdagi 22 yashar odam uchun bu yaxshi", - deydi u.
Merilend energiya solig'idan tushgan pullarni iqtisodiyotni rivojlantirishga sarflamoqda.
2000-yildan beri issiqxona gazlari miqdorini kamaytirgan AQSh va boshqa yana 20 davlat iqtisodiyoti o'sishda davom etdi, deydi Dunyo resurslari instituti tahlilchisi Neyt Eden.
"Bu siz ham shunday qila olishingizni ko'rsatadi. To'g'ri oson emas, ammo haqiqat shuki, bu narsa amalga oshdi", - deydi u.
Ish va ekologiya muvozanatini saqlash oson emas. Ammo buning imkoni borligiga dalillar ko'paymoqda.