Iqlimdagi salbiy o’zgarishlar iqtisodga ulkan zarar keltirishi aniq. Bu borada yaqinda amerikalik olimlar katta tahlilnoma taqdim etdi. Iqlim o’zgarar ekan, hayot tarzimiz ham o’zgaradi, deydi bu mutaxassislar.
Amerikada kambag’al yashayotgan bo’lsangiz, yangi sharoitda boyish yanada qiyinlashadi. Tirikchilik og’irlashadi.
Yo’qsil oilalar uchun sinovlar oldinda, deydi tadqiqotchilardan biri Richard Kopp.
“Yig’ilgan ma’lumotlarni tahlil qilar ekanmiz, bir narsa oydek ravshan bo’ldi: issiq hududlarda yashasangiz, qashshoqroqsiz. Iqlim o’zgarar ekan, sizning sharoitingiz zarar ko’raveradi”, - deydi u.
Maxsus xaritada bu mintaqalar qizil rangda. Harorat ko’tarilgani sari ular yanada qizillashadi. Yashil rangdagilarda esa vaziyat tuzuk.
“Yaqingacha biz AQSh global iliqlashuvdan faqat zarar ko’radi deb kelar edik. Tadqiqotimiz shuni ko’rsatdiki, ko’plab hududlar harorat ko’tarilishidan manfaatdor. Afsuski, bu iqtisodiy tafovutni oshiradi”, - deydi tadqiqotchi.
Umuman olganda, mamlakat oldida og’ir damlar.
Haroratdagi har bir selsiy ko’tarilish Amerikada yalpi milliy ishlab chiqarishni 1,2 foizga kamaytirishi taxmin qilinmoqda.
Kailforniya universitetidan Solomon Siyang:
“Janubiy shtatlarda hayot og’irlashadi, chunki yilning asosiy qismi issiq. Aholi daromadining 20 foizidan ayrilishi mumkin. Shimoliy va g’arbiy shtatlarda esa aksincha, aholi yuqori haroratdan foyda ko’rishi mumkin. Izlanishlarimiz shundan dalolat bermoqda”.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan har ikki olimning aytishicha, salomatlikka e’tiborni oshirish kerak.
“Havo isib borar ekan, tabiiyki, ko’plab odamlar kasallikka chalinadi, yangi xastaliklar tarqaladi va umumiy vaziyat orqaga ketadi. Shu bois ahamiyatni oshirib, zarur choralar ko’ra boshlashimiz kerak. Loqaydlik qimmatga tushadi”, - deydi olim Siyang.
Tadqiqot xulosalari yaqinda “Science” (Ilm-fan) jurnalida chop etildi. Mualliflar hukumatni har bir shtatda o’ziga xos strategiya qo’llashga undaydi.
Dunyoning har bir mamlakati uchun shunday qo’llanma ishlanmoqda.
“Izlanishlarimiz davom etmoqda. Global miqyosdagi o’zgarishlarni o’rganayapmiz. Yaqin kelajak qanday? Uzoq kelajak-chi? Bilishimiz kerak”, - deydi Richard Kopp.
Kelasi 20-30 yil insoniyatga qanday mashaqqatlar keltiradi? Istiqbol shunga bog’liq.
Facebook Forum