Breaking News

Ko'plab bizneslar AQSh Parij bitimidan chiqayotganidan norozi


Global Warming
Global Warming

Qo’shma Shtatlar iqlimdagi salbiy o’zgarishlarni kamaytirishga qaratilgan Parij bitimidan chiqadi. Amerikada o’nlab kompaniyalar Prezident Donald Trampning bu qarorini tanqid qilmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, yashil energiya sanoatining kelajagi porloq, millionlab fuqaroni ish bilan ta’minlashga qodir. Ammo ko’mir kompaniyalari bunday fikrda emas.

Donald Trampning ta’kidlashicha, Parij bitimining turgan-bitgani zarar. Iqtisod oqsaydi, zavod va fabrikalar yopiladi, ish o’rinlari qisqaradi, deydi u.

“Ushbu bitim shartlariga amal qilish energetika sanoatiga cheklovlar qo’yish demakdir. 2025-yilga borib 2,7 million ish o’rinlarini boy beramiz”, - deydi AQSh rahbari.

Ko’mir kompaniyalari prezident qaroridan mamnun. Ularning da’vo qilishicha, mamlakatda elektr toki qimmatlagan bo’lardi. Shartnomadan chiqish, ular nazarida, ko’mir sanoatini qayta jonlantirish uchun muhim qadam.

Tanqidchilarga ko’ra esa ish o’rinlari bundan buyon muqobil energiya sohasida ortib boraveradi.

“Hozir Qo’shma Shtatlarda shamol va quyosh energiyasiga tayangan loyihalar ustida uch million kishi ishlamoqda. Energetika bozorining eng tez o’sayotgan sektori ham shu. Gaz, ko’mir va neft sanoati emas”, - deydi professor Endryu Layt.

Quyosh panellari, shamoldan quvvat oladigan turbinalar yildan-yilga arzonlashib borayapti.

“Bular hozir eng arzon manbalar. Oldingi yillarda tabiatni avaylaydigan texnologiyalar haqida gapirsak, avvalo ularning qimmatligi bahs uyg’otardi. Hozir bunday emas”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Amit Rozen.

“General Electric” kompaniyasi direktori Jeff Aymelt, “Tesla” firmasi rahbari Ilon Mask Tramp qarorini tanqid qilmoqda. Prezident e’loni ketidan Ilon Mask Oq uy iqtisodiy maslahatchilar kengashini tark etdi.

Yana o’nlab kompaniya, jumladan “Mars”, “Nike” va “Levi Strauss”, Trampga maktub yo’llab, AQSh toza energiya yo’lidan bormas ekan, farovonlikka putur yetadi, deb ogohlantirdi.

“Chevron” va “ExxonMobil” neft korporatsiyalari ham Prezident Trampdan Parij shartnomasida qolishni so’ragan edi. Aksiyadorlar talabiga binoan, “ExxonMobil” ayni paytda iqlim o’zgarishi neft sanoatiga qanday ta’sir ko’rsatishini o’rganmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG