Breaking News

Klinton Misrdan Isroilga o’tdi, ittifoqchilarmiz, deya eslatdi


Isroil prezidenti Shimon Peres va Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton, Quddus, 16-iyul, 2012-yil.
Isroil prezidenti Shimon Peres va Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton, Quddus, 16-iyul, 2012-yil.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Isroil va Falastin rasmiylari bilan ko’rishib, tinchlik muzokaralari, Misr, Suriya va Erondagi vaziyatni muhokama qilmoqda.

Xillari Klinton avval Falastin Bosh vaziri Salom Fayyod bilan, keyin esa Isroil rahbari Shimon Peres bilan gaplashib olgan. Isroil va Falastin vositachi va maktublar orqali muloqot qilmoqda. Kun davomida davlat kotibasi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yahud Barak bilan ham uchrashadi.

Mintaqa olamshumul o’zgarishlar va islohotlarni boshdan kechirayotgan bir pallada keldim, deydi Klinton.

“Ham mavhum, ham muhim bir bosqichda turibmiz. Regionda yashayotgan millionlab insonlar xavfsiz, barqaror, tinch, demokratik va farovon hayot kechirishi kerak va biz bu yo’lda birga ishlashimiz mumkin”, - deydi Klinton.

“Amerika Ovozi” muxbiri Skott Sternz Klinton bilan safarda:

“Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, Klinton Quddusga bu galgi tashrifi chog’ida Isroil-Falastin tinchlik bitimiga guvoh bo’lishdan umidvor, biroq murosaga erishish hamon muammo kasb etmoqda. Oq uyga bu tanish manzara”.

Amerika diplomati Quddusga Misrdan keyin o’tdi. Qohirada prezident Muhammad Mursiy va feldmarshal Muhammad Husayn Tantaviy bilan AQSh iqtisodiy madadi haqida fikr almashgan. Klinton Isroildagi muzokaralar chog’ida Misrning mintaqa tinchligi va barqarorligida tutgan o’rni borasida ham to’xtaladi. Prezident Mursiy Isroil bilan 1979-yilgi tinchlik sulhiga amal qilish qarorida qat’iy ekaniga ishontirgan.

Suriyadagi vaziyat xususida gap ketar ekan, Isroil prezidenti Shimon Peres prezident Bashar al-Assadning o’z xalqiga jabr qilayotganini tandiq qildi.
Misr feldmarshali Hussayn Tantaviy, Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton, Mudofaa vazirligi, Qohira, 15-iyul, 2012-yil
Misr feldmarshali Hussayn Tantaviy, Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton, Mudofaa vazirligi, Qohira, 15-iyul, 2012-yil

“Xristian, yahudiy yoki arabmi, baribir insoniylik me’yorlariga zid bu. Arab Ligasi qon to’kilishiga qarshi chiqqani maqtovga loyiq”, - deydi Isroil rahbari.

Eron yadro dasturi ham kun tartibidagi mavzulardan. Islomiy respublika energiya ishlab chiqarish va tibbiy tadqiqotlar uchun uranni boyitib kelayotganini aytadi. Biroq G’arb davlatlari Tehronni ommaviy qirg’in quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, uranni boyitishni zudlik bilan bas qiling, deydi. Bu modda yadro qurolining muhim tarkibiy qismi sanaladi.
Region ahli xavfsiz, barqaror, tinch, demokratik va farovon hayot kechirishi kerak va biz bu yo’lda birga ishlashimiz mumkin.

Davlat departamenti ta’rificha, deydi muxbirimiz Skott Sternz, hozir Eron va BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi hamda Germaniya o’rtasida muzokara muhim pallada.

“Isroil nazarida Eron vaqt yutishga harakat qilmoqda. Tehron atom quroli yaratmasidan oldin rasmiy Quddus zarba berishga haqlimiz, deb hisoblaydi. Prezident Barak Obamaning aytishicha, Eronga kelganda har qanday chora ko’rib chiqilishi kerak, ham diplomatik, ham harbiy. Obama muammoning dialog bilan hal qilinishi tarafdori”, - deya xabar beradi “Amerika Ovozi” muxbiri.



Bu borada joriy yil kechgan yig’inlar samarasiz tugagan. AQSh va Yevropa Ittifoqi Eron neft eksportiga sanksiyalar qo’ydi. Yevropa Ittifoqi rasmiylari 24-iyul kuni islomiy davlat mutasaddilari bilan yana bir ko’rishib, muzokarani davom ettirish istiqbolidan gaplashadi.

Xillari Klinton shu tariqa Yevropa va Osiyo bo’ylab 12 kunlik safarini yakunlamoqda. Avvalroq u Fransiya, Afg’oniston, Yaponiya, Vyetnam, Laos va Kambojada ham bo’ldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG