Breaking News

Terrorga qarshi kurash va gumanitar yordam


Suriyalik qiz gumanitar yordam keltirilgan qutilarda o'tiribti. 2012-yil sentabr.
Suriyalik qiz gumanitar yordam keltirilgan qutilarda o'tiribti. 2012-yil sentabr.
AQSh va boshqa davlatlar terrorizmga qarshi kurashga e’tiborni oshirar ekan, urush zonalaridagi aholiga gumanitar yordam yetkazish masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Ikki maqsadga ayni vaqtda erishib bo’ladimi? Yaqinda Vashingtonda yig’ilgan diplomat va mutaxassislar aynan shuni muhokama qildi.

Terrorga qarshi kurash deb gumanitar vazifalarni unutmaylik/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00
Yuklab oling

Mojaro zonalarida aholiga gumanitar yordam yetkazish oson emas. BMT va Norvegiya qochqinlar kengashi o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, ayrim hollarda aksil-terror harakatlar gumanitar tashkilotlar faoliyatiga to’siq bo’lmoqda. Ba’zida moliya yoki gumanitar yordam yetib bormaydi yoxud kechikib boradi, xalqaro tashkilotlar esa qurollangan guruhlar tahdidi deb bemalol ishlay olmaydi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi shu mavzuda davra suhbati o’tkazdi.

“AQSh hukumati uchun eng qiyini - milliy xavfsizlik manfaatlarini ilgari surayotib, gumanitar dasturlarni xavf ostiga qo’ymaslik vazifasidir. Ikki maqsad bir-biriga zid emasmi?”, - deb so’raydi markaz prezidenti Sem Vortington.

Har ikkisini ayni vaqtda uddalashga harakat qilish lozim, buning uddasidan chiqsa bo’ladi, deydi u. Urush zonalarida gumanitar tashkilotlar betaraf qolishi, eng ehtiyojmand insonlarga – ular kim bo’lishidan qat’i nazar – beg’araz yordam ko’rsatishi o’ta muhim.

BMT Bosh kotibining Gumanitar yordam bo’yicha muovini Valeri Amos nazarida masalani qiyinlashtirayotgan - hozirgi mojarolarning mohiyatidir.

“Davlatlar o’rtasida emas, balki davlatlar va qurollangan guruhlar o’rtasida nizolar yuz bermoqda. Mavjud xalqaro qonunlar esa aynan davlatlararo mojarolarga qaratilgan”, - deydi u.

Shunga qaramay, aksil-terror harakatlar ham, gumanitar yordam ham bir maqsadni – odamlarga ko’maklashishni maqsal qiladi, demak bir-biriga zid emas, deydi BMT vakili.

Norvegiya qochqinlar kengashi rahbari Yan Egeland ham gumanitar tashkilotlarning neytral pozitsiyadan turib faoliyat yuritishi muhimligiga urg’u berdi. Aholiga yordam ko’rsatayotganda har qanaqa kuchlar bilan hamkorlik qilishga to’g’ri keladi.

“Masalan, Suriyada yovuz deb ko’rilgan kuchlar bilan muloqot qilmay ishni bitirishning iloji yo’q. Ularning ayrimlari G’arb bilan aloqaga ega, boshqalari Fors ko’rfazi davlatlari bilan. Ayrimlari Assad rejimi, ayrimlari esa Rossiyaga yaqin. Ammo ular bilan ishlamasak bo’lmaydi. Biz hamkorlik qiladigan islomiy tashkilotlar yuzlashayotgan qiyinchiliklar o’n chandon o’gir”, - deydi Egeland.

Qiyinchiliklarga qaramay ishni davom ettirish kerak, deydi davra suhbatining yana bir ishtirokchisi, sobiq elchi Deniel Frid. “Bu siyosat talabigina emas, bizning ma’naviy burchimiz”, - deydi u.

Unga jo’r bo’lgan yana bir diplomat Uillyam Garvlink afsuski gumanitar yordam urush zonalariga byurokratik to’siqlar sabab vaqtida yetib bormasligini aytadi. Loyihalarni tasdiqlash juda ko’p vaqt talab qiladi, qog’ozbozlikni kamaytirish kerak, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG