Breaking News

Karantinga qarshi amerikaliklar: Erkinligimizni cheklashyapti


Karantin qoidalaridan norozi amerikaliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:41 0:00

Michigan shtatida namoyishchilar mahalliy hokimiyat qarshisida aksiya o’tkazib, karantin davom etayotganini qoraladi. Bunday namoyishlar boshqa shtatlarda ham o’tmoqda. Ayrim amerikaliklar hukumat joriy etgan qoidalardan norozi.

Michigan shtatida odamlar yomg’irga qaramasdan mahalliy hokimiyat qarshisida to’planib, karantin qoidalariga qarshi namoyish o’tkazdi.

“Tirikchilik qilish – bizning huquqimiz. Bizga ishga bormaysan deya olishmaydi”, - deydi namoyishchilardan biri.

“Shtatimiz qayta ochilishini qo’llab-quvvatlayman. Shuning uchun chiqdim. Diktatura emasmiz axir”, - deydi bir ayol.

“Hukumat bizga zolimlik qilayapti. Boshqacha ta’riflash qiyin. Koronavirusni bubonli o’lat va tuberkulyozga tenglashtirishyapti. To’g’ri, virus muammo, lekin davosi kasallikdan yomonroq bo’lmasligi kerak”, - deydi yana bir amerikalik.

Bunday namoyishlar AQShning boshqa shahar va qishloqlarida ham kuzatilyapti. Hukumatdan iqtisodiyotni qayta ochishni talab qilayotgan harakatning bir qismi bu. Ammo namoyishlarga boshqa guruhlar ham qo’shilib, o’z talablarini olg’a surmoqda. Masalan, qurolga egalik tarafdorlari, vaksinaga qarshi fuqarolar, Trampni yoqlovchilar.

“Hukumatning vazifasi nazorat qilish emas, yordam berish. Hozirda faqat nazorat qilayotganini ko’ryapmiz”, - deydi bir namoyishchi.

“Hokimiyatni egallash bu. Boylik qo’ldan qo’lga o’tyapti”, - deydi yana biri.

Mett ismli namoyishchi esa o’limlar bo’yicha raqamlarning yarmiga ishonmasligini aytadi.

Aksar namoyishchilar karantin choralarini erkinlikni cheklash deb hisoblaydi va virus haqidagi ma’lumotlarga shubha bilan qaraydi.

Namoyishchilarni turli yo’llar bilan quvvatlayotgan o’ngchi guruhlar ana shunday qarashlarni targ’ib qilmoqda, deydi siyosiy harakatlar bo’yicha ekspert Liza Greyvs.

“Aynan shu guruhlar odamlarni ko’chaga chiqishga undamoqda, ommaviy axborot vositalari e’tiboriga qanday tushish bo’yicha tavsiyalar bermoqda. Bundan tashqari, nozorilik aksiyalarini uyushtirish, tartibga solish va o’z programmalarini olg’a surish uchun ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochishyapti”, - deydi Greyvs.

“Namoyishlarning e’tiborni tortayotgan bir jihati shuki, odamlar shtat poytaxtiga qurollarini ko’tarib borayapti. Bundan ko’pchilik hayratda. AQShda aholining katta qismi karantin choralarini zarur deb hisoblaydi. Odamlarning hayotini saqlab qolish uchun qoidalar joriy etilgan”.

Karantin o’rinli ekanini aytayotganlar ham namoyishga chiqdi, jumladan niqob taqqan tibbiyot xodimlari.

Jon Ros hokimiyat qarshisida qurolli odamlarni ko’rib, kayfiyati buzilganini aytadi.

“Bu yerda qurol ko’tarib yurishga sabab yo’q”, - deydi u.

Ba’zilar uchun esa namoyish shunchaki o’z fikrini bildirish, ishsizlarga hamdard bo’lish uchun imkoniyat.

“Qiyin ahvolda qolgan kichik bizneslarni quvvatlash uchun chiqdim. Ayrimlar cheklovlar bois ishga borolmayapti, oilasini boqishga qiynalyapti”, - deydi Allison.

Namoyishlar natija berayotgan ko’rinadi. Shu hafta Viskonsin Oliy sudi karantinni bekor qilish haqida hukm chiqardi. Shtatning demokrat gubernatori respublikachi qonunchilar bilan masala yuzasidan tortishib kelayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG