Breaking News

Tramp niqob ishlab chiqaradigan inshootni niqobsiz aylandi


Prezident Tramp 'Honeywell" zavodining Arizona shtatidagi inshootida, 5-may, 2020
Prezident Tramp 'Honeywell" zavodining Arizona shtatidagi inshootida, 5-may, 2020

Koronavirus pandemiyasi sabab deyarli ikki oydan beri Vashingtondan chiqmagan Prezident Donald Tramp 5-may kuni Arizona shtatiga safar qildi. N95 rusumidagi tibbiy niqoblar ishlab chiqaradigan "Honeywell" zavodini ko'zdan kechirdi.

Trampning maqsadi - Amerika normal hayotga qaytishga tayyor, deya ko'rsatish.

Zarur bo'lsa, niqob taqaman, degan prezident zavodda faqat maxsus ko'zoynak ishlatdi.

"Honeywell" ishchilari, jurnalistlar va rasmiylarning aksariyati niqob bilan yurdi, hatto xavfsizlik xodimlari ham. Lekin Tramp va uning maslahatchilari uni taqmadi.

"Honeywell" zavodining har bir burchagida "har doim niqob taqilsin" degan qoida yozilgan.

Prezident mart oyida qo'shni Virjiniya shtatiga birrov chiqib, Nyu-Yorkka ketayotgan harbiy tibbiy kemada nutq so'zlagan edi. O'tgan dam olish kunlari qo'shni Merilend shtatidagi dala hovlida biroz vaqt o'tkazdi.

Tramp e'tiborni virusdan olib, iqtisodiyotga qaratmoqchi. Oq uyning umidi - amerikaliklarni shu tariqa normal an'anaviy hayot tomon undash, kelajak haqida o'ylantirish.

Qator shtatlar karantin qoidalarini yumshata boshlar ekan, tibbiy mutaxassislar virus kengroq yoyilishi mumkin, deya ogohlantirmoqda. Oq uy ham ehtiyot bo'lishni tavsiya qilmoqda, lekin Tramp bizneslar ochilishi kerak, degan fikrda.

Prezident deydiki, koronavirusga qarshi vaksina yaqin kelajakda maq'ullanib, qo'llana boshlaydi.

"Bir necha davlatda harakat avjida, jumladan, o'zimizda. Kim bu ishni birinchi eplay olsa, tasanno deymiz va quvvatlaymiz", - deydi Tramp.

AQSh Senatida, Vashington, 5-may, 2020
AQSh Senatida, Vashington, 5-may, 2020

Oq uy koronavirus chekinmoqda, degan xulosaga yaqin. Shu bois ham pandemiyaga qarshi maxsus komissiya yaqin kunlarda o'z faoliyatini tugatishi mumkin. Unga boshchilik qilayotgan Vitse-prezident Mayk Pens bu ma'lumotlarni tasdiqlagan. Yangi davr boshlanadi, deydi Tramp.

"Pandemiyaga qarshi kurash va choralarning keyingi boshqichiga o'tamiz. Balki yangi bir guruh tuzarmiz".

"Honeywell"ning Arizona shtatidagi inshootiga kelib, ishlab chiqarishni o'z ko'zi bilan ko'rgan Tramp gapni virusdan biznesga burdi.

"Amerika yopiq tura olmaydi", - deydi u, "xalq buni xohlamaydi va xohlamasligi ham kerak".

Nyu-York xayriya tashkilotlari oldidagi navbat
Nyu-York xayriya tashkilotlari oldidagi navbat

Keksa yoshdagilar va kasalmand amerikaliklar o'zini saqlashi lozim, boshqalardan uzoqda yursin, deydi prezident.

Qolganlar esa, Tramp fikricha, nafaqat koronavirusni, balki boshqa balolarni ham yengishga qodir.

"Men hamma va hamma narsa a'lo, demayapman. Kimdir kasal bo'ladimi, albatta. Kimdir bardosh bera olmaydimi, albatta. Biroq mamlakatimiz ochilishi va yana ishlay boshlashi kerak", - deydi prezident.

Prezident Trampning reytingi, oxirgi ikki haftadagi so'rov natijalariga ko'ra, 49 foizda. Unga qat'iyan qarshilar 43 foizni tashkil etadi. Qayta saylana olishi uchun iqtisod tiklanishi kerak.

Oq uy koronavirus haqiqatdan ham salomatlik bilan bog'liq inqiroz, Tramp boshqaruvida tizim ishdan chiqmagan, degan da'vosini isbotlab berishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG