Breaking News

Ukrainada Rossiya bosqiniga qarshilik kuni


Qrim tatarlari har yili 26-fevralni Rossiya bosqiniga qarshi kuni sifatida kutib oladi
Qrim tatarlari har yili 26-fevralni Rossiya bosqiniga qarshi kuni sifatida kutib oladi

Rossiya Qrimni Ukrainadan tortib olganiga uch yil bo'ldi. Qrim-tatarlar 26- fevralni Rossiya bosqiniga qarshilik kuni sifatida kutib olishadi. Anneksiyaga uch yil to'lishi munosabati bilan Ukrainaning bir qator shaharlarida norozilik chiqishlari o'tdi. Qrim-tatarlar tomonidan tashkil qilingan bu tadbirlar yarimoroldagi bugungi vaziyat, Qrim bosqiniga qarshi turgan faollar taqdiri haqida ma'lumot beradi.

Qrim-tatar Milliy Majlisi faollarining aytishicha, bugun Qrim ozodligi uchun kurash nafaqat xalqaro hamjamiyat, balki Ukraina hukumatidan ham aniq harakatlarni talab etadi.

26-fevralning Rossiya ishg'oliga qarshilik kuni sifatida kutib olinishi uch yil muqaddam Qrim parlamentida o'tgan yirik norozilik namoyishi bilan bog'liq. Bu namoyish tatarlar tomonidan Rossiya bosqiniga qarshi tashkil etilgan edi. Oradan uch yil o'tib, 26-fevral voqealari yarimorolda ommaviy jinoiy ish sifatida ko'riladi, unda ishtirok etgan o'nlab faollar qamoqda o'tiribdi.

Qrim ishg'ol etilishiga uch yil to'lishi munosabati bilan Ukrainada o'tgan tadbirlarda yarimoroldagi inson huquqlariga oid vaziyatning tobora og'irlashib, Rossiya siyosatiga qarshi bo'lgan tub aholi - qrim-tatarlarga nisbatan tazyiqlar kuchaygani haqida gapirildi.

Ukraina parlamentida shu munosabat bilan “Qrim kuni” o'tkazildi. Milliy Majlis yetakchilari, tatar faollar ishitirokida o'tgan aksiyada yarimorol ozodligi nafaqat xalqaro hamjamiyat, avvalo, Ukraina hukumatidan aniq harakatlar taqozo etishi haqida gapirildi.

Milliy Majlis raisi, Ukraina parlamenti deputati Refat Chubarovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Ukraina hukumati Qrim ozodligi yo'lidagi harakatda oqsamoqda.

Refat Chubarov: Ukraina faolroq bo'lishi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:24 0:00

“Bugun Qrim ozodligi uchun Ukrainaning o'zidagi harakat har qachongidan ko'ra muhimroq o'ringa chiqmoqda. Biz Qrim masalasida hamkorlarimiz uchun turli bayonotlar, murojaatlar qilish, ularning Qrim ozodligiga erishishi uchun harakat qilishlariga o'rganib qoldik. Ammo shu barobarida Ukraina tomoni o'z mas'uliyatiga olgan bir qator vazifalar bor, ular hamon bajarilmagan. Avvalo, Qrim muxtoriyati maqomini belgilash masalasi. Ukraina konstitutsiyasiga o'zgaritirishlar kiritilishi kerak, Qrim milliy muxtor respublika sifatida e'tirof etilishi lozim. Ammo bu borada ishchi komissiya hamon tuzilmadi. Bugun Qrimning ozod etilishidagi asosiy tayanch bu Ukraina tarkibidagi qrim-tatarlar, ular huquqlarining ta'minlanishi. Ukraina hukumati vaqtni qo'ldan bermasligi kerak”, - - deydi Chubarov.

“Qrim kuni” da huquq himoyachilari yarimoroldagi inson huquqlarga oid vaziyat bo'yicha o'z hisobotlarini taqdim etdi. Bu hisobotlarga ko'ra, Rossiya ishg'oliga qarshi fikr bildirgan o'nlab qrimliklar turli ayblovlar bilan hibsga olingan, tatarlarning milliy boshqaruv idorasi - Milliy Majlis ekstremistik tashkilot sifatida e'lon qilinishi ortidan tazyiqlarning yangi to'lqini boshlangan.

Qrim faoli: Mahalliy aholiga qarshi Rossiya tazyiqi davom etmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:56 0:00

Milliy Majlis faollaridan biri Erfan Quddusovning aytishicha, Qrim ishg'ol qilinishi ortidan bugungacha o'nga yaqin tatarlar bedarak yo'qolgan; Rossiya bosqiniga qarshi turgan faollarning turli ayblovlar bilan hibs qilinishi davom etmoqda.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Rossiyani agressiyada, Qrimni bosib olishda, mamlakat sharqidagi ayirmachilarni qo'llab-quvvatlashda ayblab keladi.

Tashqi ishlar vaziri Pavlo Klimkinning 26-fevral munosabati bilan qilgan bayonotida aytilishicha, Ukraina Rossiya ishg'oliga qarshi turgan Qrimdagi aholi huquqlari uchun kurashishda, xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda Rossiyaga bosim ko'rsatishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG