Maxfiy xizmat bo’yniga yuklangan vazifalardan biri prezident va uning oilasi xavfsizligini ta’minlashdir. Amerikada bir necha prezident hayotiga suiqasd qilingan. Har bir fojia ketidan maxfiy xizmatda olamshumul o’zgarishlar yuz bergan. Bu idora xodimlari nafaqat o’zini qalqon qilishga tayyor turishi, balki mashinani professional darajada haydashni ham bilishi kerak.
O’zingizni yaxshi haydovchi deb hisoblaysizmi? Manyovrlarni mukammal bajarish - ba’zilar uchun ishning bir qismi.
Maxfiy xizmatning Merilenddagi trening markazidamiz. Treningdan o’tgan agentning vazifasi bitta.
“Himoya ostidagi shaxsni otishma maydonidan olib chiqish, uni iloji boricha tezroq xavfsiz joyga ko’chirish”, - deydi maxsus agent Tomas Murak.
Minglab maxfiy xizmat xodimlari va ofitserlari 550 metrlik mana shu mashq maydonida besh kunlik haydovchilik kursidan o’tishlari shart.
Ammo shunda ham ular “Yirtqich” nomi bilan tanilgan, “Cadillac” rusumidagi prezident limuzinini boshqarishga tayyor emas. To’qqiz tonnali zirhli mashina ruliga o’tirish uchun qo’shimcha trening talab qilinadi.
Yaxshi ob-havoda kortej yonida yuradigan mototsikllar uchun yana bir maxsus kurs bor. Undan o’tish limuzin haydashdan ham qiyinroq hisoblanadi.
“Og’ir texnika. Har bir mototsikl 400 kilogram keladi. Ikki g’ildirakda yurish boshqacha. Mototsiklda siz tasavvur qilmaydigan manyovrlarni qildirishadi”, - deydi agent Loyd Lamas.
Markazda ikki g’ildirakli boshqa vositalar ham bor. Agentlar va ofitserlar, shuningdek, vezdexodlarni va hatto batareyada yuradigan golf mashinalarini boshqarishni o’rganadi.
“Yirtqich”dan tashqari davlat rahbarining o’z avtobusi ham bor.
Turli mamlakatlarda yo’l chetidagi bordyurlar turli xil bo’lgani sababli AQSh maxfiy xizmati o’z markazida yo’llarni shunga moslab qurdirgan. Agentlar bu yerda bordyurlar ustidan haydab o’tishni mashq qilishadi.
Maxfiy xizmat xodimlari uchun treninglar 1970-yilda boshlangan. Mashinalar o’zgargan sari trening uslubi ham o’zgarib bordi.
Hozirgi transport vositalari ancha barqaror bo’lgani sabab stabillikni nazorat qiluvchi elementlar mashg’ulotdan chiqarib tashlangan. Bugungi shinalar bilan silliq joyda ham mashina tekis yura oladi.
Agentlar uchun treningning bir qismi sinfxonada o’tadi.
Bilasiz, inauguratsiya marosimlari yangi prezident uchun an’ana. Limuzin xalq orasidan sekin yurib o’tayotganda tansoqchilar ayniqsa hushyor bo’lishi kerak. Turli xil holatlar shu yerda simulyatsiya qilinadi.
Maxfiy xizmat nafaqat prezident va vitse-prezidentni, balki ularning oila a’zolari, sobiq davlat rahbarlari va ularning rafiqalarini ham himoya qiladi. Xorijiy mehmonlar va prezidentlikka nomzodlar ham himoya ostida.
Rulda o’tirish uchun tanlangan maxfiy agentlar muhim yo’lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun muntazam ravishda treningdan o’tadi.
Facebook Forum