Payshanba kuni Nigeriyada majlis qilgan G’arbiy Afrika davlatlarining rahbarlari qo’shni Nigerda 26-iyuldan beri uy qamog’ida saqlanayotgan Prezident Muhammad Bazumni ozod etish va davlat to’ntarishiga qo’l urgan isyonchilarni hokimiyatdan chetlatish uchun Nigerga qo’shin tortish ehtimoli mavjudligini bildirdi.
EKOVAS mintaqaviy tashkiloti harbiy xuntaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi, jumladan mulklarining muzlatilishi, viza cheklovlari qo’yilishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, guruh mojaroni tinch yo’l bilan hal qilish ahdidan qaytmaganini ma’lum qildi.
"Ushbu favqulodda sammit qabul qilgan bayonotdan ko’rinib turibdiki, barcha imkoniyatlar ishga solinadi, kuch qo’llash eng so’nggi imkoniyat bo’ladi”, - dedi Nigeriya Prezidenti Bola Tinubu.
Birlashgan gruppirovkaga qancha askar kirishi va qaysi mamlakatlar harbiy ajratishi hozircha ma’lum emas.
Fil Suyagi Qirg’og’i yoki Kot-d'Ivuar Respublikasining Prezidenti Alassan Uttara 850 kishilik batalyon va’da qildi.
Ayrim tahlilchilar nazarida, EKOVAS qo’shin to’plashiga bir necha hafta ketishi va bu vaqt mobaynida muzokaralar o’tkazilishi mumkin.
Xunta mamlakatni tashqi bosqindan mudofaa qilishini bildirdi. Qo’shni Mali va Burkina-Faso Nigerga yordam va’da qilgan.
Kaliforniyalik tahlilchi Anelyez Bernar mintaqaviy mojaro xavfi haqida ogohlantiradi.
Niger poytaxti Niamey aholisi harbiy intervensiya rejasini qoraladi.
"Bu bosqindan boshqa narsa emas. Qonuniy hukumatni bunga kuch bilan javob berishga chaqiramiz”, - deydi ulardan biri.
Yevropa Ittifoqi va AQSh Bazum va oilasining taqdiridan xavotirda ekanini bildirdi. Fransiya EKOVAS qarorini qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Isyonchilar xorijiy kuchlar Nigerga hujum qilsa, Bazum qatl etilishi haqida ogohlantirgan.