Breaking News

Misrda terrorga qarshi kurash zo'ravonliklarga sabab bo'layaptimi?


Qohirada xavfsizlik chorasi o'laroq o'rnatilgan to'siqlar.
Qohirada xavfsizlik chorasi o'laroq o'rnatilgan to'siqlar.
Misrda Muhammad Mursiy prezidentlikdan quvilganidan keyin Ansar Bayt al-Maqdis terror guruhi jiddiy tahdidga aylandi. Bu guruh so’nggi payt sodir etilgan ko’plab xurujlarni o’z bo’yniga olgan bo’lsa-da, amaldagi hukumat Mursiyning Musulmon Birodarlar harakatini ayblaydi. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, bunday yondashuv terrorizm yanada alanga olishiga olib keladi.
Misr hukumati terrorizmga qarshi urush e’lon qilgan. Ansar Bayt al-Maqdis, ya’ni Quddus tarafdorlari, Misrning Sinay yarimorolida joylashgan jihodchi guruhlardan biri. Mafkurasi al-Qoida g’oyalari bilan uyg’un. Isroilga qarata raketa hujumlari uyushtiradi. Ayni vaqtda mamlakat ichida ham juda faol.

Suvaysh kanalidagi kemalarga qaratilgan hujumda ham, Sinayda harbiy vertolyotni urib tushirganida ham bu guruh eng zamonaviy qurol-aslahadan foydalangan.

O’tgan yilning dekabrida Ansar Bayt al-Maqdis jihodchilari Mansura shahrida politsiya idorasini portlatdi. O’tgan oy poytaxt Qohirada ham bombalar portlatildi.
Bu hujumlarning barida al-Maqdis mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan, ammo Misr hukumati Musulmon Birodarlarni ayblamoqda.

Mansuradagi portlashdan keyin hukumat birodarlarni terrorchilar deya tamg’aladi, ammo jiddiy isbot-dalil keltirmadi.

Ayrimlar nazarida al-Maqdis aslida Muhammad Mursiyning prezidentligi davrida kuchga to’la boshlagan. Xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis Sami Seyf al-Yazal Mursiyning qamoqdagi terrorchilarni amnistiya qilgani, boshqalariga esa mamlakatga kirishga ruxsat berganini misol keltiradi.

“Mursiy ularga Sinay yarimorolida qo’nim topishga ruxsat berdi. Nima uchun? Chunki ular Mursiyga uni va Musulmon Birodarlarni himoya qilamiz, deb va’da bergan”, - deydi suhbatdosh.

Lekin bu iddaolarni isbotlash qiyin. Namoyishlarga chiqqan talaba va jurnalistlarning terrorchilikda ayblanishi va qamalishi hollari vaziyatni yanada chigallashtirdi. Siyosiy faol Voil Xalil fikricha, hukumatning bugungi siyosati terrorchilarni jazolashni ko’zda tutmaydi, aksincha, bundaylarning ko’payishiga olib kelmoqda.

“Agar namoyishchilarga qarata o’q uzish va odam ajratmay hibsga olish yagona siyosat bo’lsa, xohlaysizmi yo’qmi, buning natijasida terrorchilar ko’payaveradi,” - deydi u.

Xabarlarga ko’ra, so’nggi payt Sinaydagi terrorchilar safiga xorijdan yangilari kelib qo’shilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG