Breaking News

Davlat to'ntaruviga urinishdan keyin Turkiya-Misr aloqalari sovuqlashdi


Misr matbuoti Turkiyada davlat to’ntaruviga urinishni xursandchilik bilan qarshiladi. Urinish muvaffaqiyatsiz bo’lsa-da, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anni yoqtirmaydigan misrliklar bu qo'zg'olon natijasida uning obro’siga putur yetganidan xursand.

“Muvaffaqiyatsiz bo’ldi, chunki Erdog’an hanuz hokimiyatda. Ammo u yutqazdi”, - deydi 22 yoshli qohiralik Sharif Odil.

Bu voqealar ketidan Turkiyada minglab odamlar hibsga olindi, ishdan haydaldi. Erdog’an hukumatini inson huquqlari tashkilotlari tanqid qilmoqda.

Misrdagi sharhlovchilar ham tanqid qilishga shoshildi. Ayrimlar fikricha, davlat to’ntaruvini Erdog’anning o’zi dushmanlardan qutulish uchun uyushtirgan. BMT Xavfsizlik Kengashi xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Turkiya hukumatiga tayanch bildirmochi bo’lganida, Misr vakili rasmiy bayonotga qarshi ovoz berdi.

Turkiya tanqidga javob bermoqda. Misr matbuotiga ko’ra, Erdog’an Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiyning “demokratiyaga aloqasi yo’q, u minglab odamlarni o’ldirib yuborgan” deb aytdi.

Misr Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra esa, Turkiya rahbari “masalalarni chalkashtirib, odil baholay olmayapti”.

Rasmiy Anqara AQShda yashaydigan 75 yoshli imom, Turkiya hukumati tanqidchisi Fathulla Gulen ekstraditsiyasini talab qilishda davom etar ekan, Qohira rasmiylaridan ba'zilari Gulenga boshpana berishga tayyorligini bildirdi.

Siyosiy islom

Misr va Turkiya islomning siyosatdagi roli masalasida kelisha olmas ekan, ikki davlat o’rtasidagi ziddiyat ham davom etaveradi, deydi tahlilchilar.

“Misr-Turkiya munosabatlaridagi asosiy omil – “Musulmon Birodarlar” tashkiloti va mafkurasi. Bu mafkurani yo’q qilishga qaratilgan har bir harakatni Misr qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Qohiradagi al-Ahram Strategik tadqiqotlar markazidan tahlilchi Ziyod Aql.

2013-yilda Prezident al-Sissiy demokratik saylovda saylangan, lekin xalq orasida obro’ga ega bo’lmagan Prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan chetlashtirdi. Mursiy “Musulmon Birodarlar” partiyasi yetakchisi edi. 2014-yilgi saylovdan keyin o’zi prezident bo’lgan Sissiy ushbu tashkilotni terrorchi deb e’lon qildi va faoliyatini taqiqladi.

Erdog'an va hozirgi hukumat “Musulmon Birodarlar”ni qo’llab-quvvatlaydi, Mursiyni hokimiyatdan chetlashtirgan kuchlarni nodemokratik, deydi.

“Aksariyat aslida terrorchi bo’lgan “Musulmon Birodarlar”ni Turkiya ma’qullaydi, degan fikrda. Ammo menimcha, Turkiya rahbariyati hurmatga loyiq”, - deydi 32 yoshli avtobus haydovchisi Mahmud.

Oqibatlar

Xo’sh, bundan buyon davlatlar munosabatlari qanday rivojlanadi? Mintaqada ayrim qudratli davlatlar ta’siri oshar ekan, boshqalarning yo unisi, yoki bunisi bilan hamkorlik qilishi, ya’ni xuddi sovuq urishi davridek ikki lagerdan biriga qo’shilishi shartmi?

Masalan, Saudiya Arabistoni va Eron – raqib davlatlar. Turkiya va Misr esa, Suriya, Yaman, Liviya va Iroqda hamkor mamlakat hisoblanadi. So’z “urushi”ga qaramay, jang maydonida ikkalasi ham “Islomiy davlat”ga qarshi.

Lekin Turkiya va Misr aloqalari Eron va Saudiya aloqalaridek yomon darajaga bormaydi, deydi tahlilchi Ziyod Aql.

Riyod va Tehron diplomatik aloqalarni uzgan, Suriya va Yamanda ham bir-biriga dushman taraflarni qo’llab-quvvatlayapti. Ammo Isroil-Falastin mojarosi masalasida - ikkalasi hamkor.

Biroq bu nihoyatda murakkab mintaqa. Misr va Turkiya orasidagi iqtisodiy aloqalar uzilsa, salbiy oqibatlari butun mintaqada seziladi. Siyosiy aloqalar taranglashsa, butun mintaqa aziyat chekadi, deydi tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG