Turkiyada amaldagi Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an yaqinda o’tkazilgan prezidentlik saylovida g’olib chiqqandan so’ng mamlakat iqtisodiyotini boshqargan rasmiylarning o’zgarishi ehtimoli moliyachilar va birja bozorini xavotirga solmoqda.
Rajab Toyib Erdog’an davrida Turkiya iqtisodiyoti ikki barobar o’sib jahondagi yirik iqtisodiy kuchlardan biriga aylana boshlagan edi.
Lekin endi bosh vazirlikka kimning kelishi va AK partiyasiga kimning hukmronlik qilishi mavhum bo’lib qolayotgani birja bozoridagilarni o’ylantirib qo’ydi, deydi markazi Istanbulda joylashgan Finansbank shirkati iqtisodchisi Deniz Chichak.
“Menimcha, AK partiyasi raisligiga kim saylanishi hali aniqlanmagani bozordagi jarayonga ta’sir qiladi, qilayapti ham. Amaldagi hukumat mustaqil harakat qilgan markaziy bank rahbariyatiga bosim o’tkazayotgan edi. Ana shu bosim davom etadimi, yo’qmi, buni bosh vazirlik maqomiga o’tadigan siyosdatdon aniqlaydi” - deydi mutaxassis.
Erdog’an va hukumatdagilarning bir qismi Turkiya Markaziy banki mudiri Erdem Bashchini foiz nisbatini vaqtida va yetarlicha kamaytirmaganlikda ayiblab keskin tanqid qilgan edi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, iqtisodiy o’sishning bosh me’mori deb baholangan moliya vaziri Ali Bobojon Markaziy bank mudirini qo’llab himoya qilayaotgan edi. Endi esa Erdog’anni himoya qilayotgan siyosatdonlar Bobojonni ham tanqid ostiga olmoqda.
Istanbuldagi tadqiqot markazining konsultanti Atilla Yeshilada xalqaro bozorni qoniqtirgan asosiy kuch bu moliya vaziri Bobojon ekanligini aytadi.
Moliya vaziri Bobojon va Markaziy Bank mudiri Bashchining Turkiya ekonomikasini boshqarib turishi yetarli hisoblanadi, boshqa xavotirga o’rin yo’q. Ular siyosiy aralashuvga sal yumshoqroq, ammo vazifalarini qanday qilib bajarishni biladi. Hozir bozordagi asosiy tashvish bu janob Bobojonning yangi tuziladigan vazirlar mahkamasida o’rin olish yoki olmasligida. Ko’pchilik fikricha, agar Bobojonning himoyasi bo’lmasa, Markaziy bank mudiri o’zgaradi”, - deydi mutaxassis.
Birja bozoridagi tashvishlardan yana biri shuki, hozirgacha mustaqil ishlab kelgan moliya qoidalari siyosiy bosim ostida yemirilishi mumkin.
2002-yilda moliyaviy tushkunlikka duch kelgan Turkiya iqtisodiyoti Xalqaro Moliya Fondi va Jahon Banki yordami bilan o’zini o’nglab olgan edi. Ana shu mustaqil moliya rejimi tufayli Turkiya 2008-yilda ham jahon bo’ylab ro’y bergan moliyaviy inqirozdan omon chiqdi.
Bosh vazir Erdog’an hukumati foiz nisbatini kamaytirish uchun Markaziy Bankka bosim o’tkazar ekan, sarmoyadorlarni ham yangi siyosat asosidagi qoidalarni tan olishga majburlamoqda.
Mutaxassis Atilla Yeshiladaning aytishicha, Erdog’anning asosiy maqsadi bu Markaziy Bankni butunlay nazorati ostiga olishdan iborat.
“Kelgusida mamlakat iqtisodiyotini boshqarishi kutilayotgan Numan Kurtulmush yaqinda bergan bayonotida janob Erdog’an hukumat siyosatidan mustaqil faoliyat olib borayotgan boshqarmalarni o’z kontroliga olishga urinayotganidan bahs etgan edi”, - deydi u.
Anqaraning hozirgi iqtisodiy mavqei - Turkiyani Yevropa va Osiyoni bir-biriga bog’lovchi ko’prikka aylantirish. Shimoliy Atlantika hamkorlik tashkiloti NATOning to’liq azosi bo’lish va Yevropa Ittifoqiga qo’shilish orzu-niyati Turkiyaning muhim kuch ekanligidan dalolat. Ammo so’nggi yillarda mintaqada ro’y bergan notinchliklar va davlat siyosatidagi noaniqlik, mamlakat mamlakat iqtisodiyotiga allaqachon o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Birja bozorida savdo susaygan bir davrda, yangi tayinlanadigan bosh vazir yirik moliyaviy va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashishi kutilmoqda.