Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an mamlakat tarixidagi ilk bevosita prezident saylovlarida g'alaba qozondi.
Mahalliy matbuotga ko'ra, u 52 foiz ovoz olgan. Bu esa saylovlarning ikkinchi bosqichi o'tkazilmaydi degani.
Oliy saylov komissiyasi raisi Sadi Guven buni tasdiqlab, Anqaradagi matbuot anjumanida Erdog'an eng ko'p ovoz to'plaganini aytdi.
Mamlakatni bosh vazir sifatida 10 yil boshqargan Erdog'an endi yana besh yil prezident bo'ladi. Shu kungacha Turkiyada prezident ramziy mavqega ega bo’lgan, xolos. Erdog’an esa konstitutsiyani o’zgartirib, prezident vakolatlarini kuchaytirishini aytgan. Xususan, parlament va Vazirlar mahkamasi majlislarini to’plash, bosh vazir, vazirlar kengashi va Oliy sudning ayrim sudyalarini tayinlash shular jumlasidan.
Erdog'anning raqiblaridan biri, muxolifatdan nomzod Akmaliddin Ehsono'g'li mag'lubiyatini tan oldi va Istanbuldagi qisqa bayonotida bosh vazirni g'alaba bilan qutlab, unga omad tiladi.
Xabarlarga ko'ra, Ehsono'g'li 38 foiz to'plagan, kurdlar manfaatini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan Salohiddin Demirtoshga esa saylovchilarning 10 foizi ovoz bergan.
Saylovlarning rasmiy natijalari dushanba kuni e'lon qilinishi kutilmoqda.