Breaking News

Turkiyada prezident saylovlari. Erdog'an - asosiy da'vogar


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an prezident saylovlarida ovoz bermoqda, Istanbul, 10-avgust, 2014-yil
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an prezident saylovlarida ovoz bermoqda, Istanbul, 10-avgust, 2014-yil

Bugun Turkiyada saylovlar o'tdi. Prezidentni ilk bor parlament emas, xalq sayladi. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an bu lavozimga yetakchi da’vogarlardan.

Uning raqiblari qatorida Islom hamkorlik tashkilotining sobiq rahbari Akmaliddin Ehsono’g’li va kurdlar manfaatini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan Salohiddin Demirtoshni tilga olish mumkin.

Ayrim xabarlarga ko'ra, byulletenlarning 50 foizdan ortig'i hisoblab bo'lingan va Erdog'an 50 foizdan ko'p ovoz olgan. Ehsono’g’li 35 foizdan sal ko'proq ovoz to'plagan, deyiladi turk matbuotida.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilariga ko'ra, jarayon tinch, osoyishta o'tgan.

Shu kungacha Turkiyada hokimiyat bosh vazir qo’lida bo’lgan, prezident esa ramziy mavqega ega bo’lgan. Erdog’an bugungi saylovlarda g’olib bo’lsa, konstitutsiyani o’zgartirib, prezident vakolatlarini kuchaytirishini aytgan. Xususan, parlament va Vazirlar mahkamasi majlislarini to’plash, bosh vazir, vazirlar kengashi va Oliy sudning ayrim sudyalarini tayinlash shular jumlasidan.

Erdog’an Turkiyani boshqargan so’nggi 10 yilda dunyoviy elitaga zarba berilib, armiyaning siyosatga ta’siri ancha kamaytirildi.

Uning tanqidchilari Erdog’anni avtoritarizmda ayblamoqda. Agar bugun nomzodlardan hech biri 50 foizdan ko’p ovoz ololmasa, 24-avgust kuni saylovlarning ikkinchi bosqichi o’tkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG