AQSh rahbari Barak Obamaning ta'kidlashicha, Fransiyadagi qonli fojiaga qaramasdan "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashish uchun Yaqin Sharqqa piyoda qo'shin jo'natmaydi. Turkiyaning Antalya shahrida o'tgan Katta Yigirmalik sammitida so'zlagan Obama Iroq va Suriyada olib borilayotgan harbiy-havo kampaniyasini, mahalliy jangchilarni quvvatlash strategiyasini himoya qildi. Jihodchilarni yakson qilish uchun Suriyaga, masalan, 50 ming askar jo'natish ham samara bermagan bo'lardi, deydi AQSh rahbari, chunki bu Suriyani uzoq muddatga bosib olishni anglatadi. "Amerikani kuchli qilib ko'rsatish uchungina qarorlar qabul qilmayman. Davlat xavfsizligi birinchi o'rinda", - dedi Obama.