13-may kuni Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Turkiyaga safar qiladi. Ikki davlat NATOga a’zo bo’lishiga qaramay, yoqilg’i zaxiralariga boy Egey dengizida hududiy tortishuvlar sabab so’nggi yillarda ziddiyatli munosabatlarni boshdan kechirmoqda.
Kiriakos Prezident Erdog’an bilan uchrashuv chog’ida ziddiyatlarga barham berishga harakat qiladi.
“Ishonchni o’rnatishga qaratilgan choralar haqida, xususan savdoni oshirish, chegaradagi yo’llarni kengaytirish, Turkiya fuqarolariga Egey dengizining sharqiy qismidagi orollarga vizasiz sayohatni ta’minlash kabilar haqida muloqot ketmoqda. Bularning barchasi muhimdir”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Berkay Mandiraji.
Mitsotakisning tashrifi o’tgan yil dekabrida Afinaga borgan Erdog’an tashrifiga javob tariqasida ko’rilmoqda. Ikki rahbar vujudga kelgan ijobiy muhitdan samarali foydalanishga intilmoqda.
Ukraina va G’azodagi mojarolar Turkiya va Gretsiyani o’zaro aloqalarni yaxshilashga turtki berayotgani, rahbarlar ziddiyatlar mintaqa beqarorligiga hissa qo’shishini tushunayotgani aytiladi.
“Har ikki taraf o’zining tashqi xavf-xatarlarga ta’sirini cheklamoqchi. Gretsiya-Turkiya aloqalari 3-5 yilcha og’ir sinovlardan o’tdi. Biroq Turkiya qattiq zilzilaga uchraganidan beri har ikki taraf ziddiyatni yumshatishga tayyor ekanini bildirdi”, - deydi Anqaraning Bilkent universitetida ishlovchi gretsiyalik olim Ioannis Grigoriadis.
Gretsiya o’tgan yili minglab odamni nobud qilgan zilziladan so’ng Turkiyaga yordam qo’lini darrov cho’zgan mamlakatlardan bo’ldi. Biroq mutaxassislar aloqalar yaxshilanishi uchun Egey dengizidagi hududiy munozaralarga barham berilishi kerakligini aytadi.
Erdog’an ham, Mitsotakis ham o’tgan yilgi saylovlarda yangi muddatga saylanishdi. Kuzatuvchilar buni aloqalarni yaxshilash uchun ijobiy holat deya ta’riflamoqda.
“Har ikkisining o‘z mamlakatida pozitsiyalari ancha kuchli. Bu esa turli millatchi guruhlar noroziligiga e’tibor bermaslikka imkon beradi”, - deydi Grigoriadis.