Qo’shma Shtatlar – tinch aholi eng ko’p qurolga ega mamlakat. Har 100 kishiga 120 ta qurol to’g’ri keladi. So’nggi yillarda aholi orasida AR-15 kabi kuchli qurollarga talab oshgan. Tennessi shtatida xaridorlar bilan gaplashdik.
Lendon Burk mashq maydonchasiga kelish uchun 45 daqiqa yo’l bosdi. U Amerikada yaqinda ro’y bergan ommaviy otishmalarda qo’llangan MP5 va AR-15 avtomatik qurollar bilan otishni mashq qilayapti. Nima uchun?
“Amerika fuqarolarida bunday qurollarni sotib olish huquqi ham bor. Bu juda yaxshi”, - deydi u.
Qurol ishqibozlariga baland tovushli, AR modeli juda yoqadi. Uning ko’plab konfiguratsiyalari bor. O’t ochganda yelkaga qattiq turtki bermaydi, nishonga olish osonroq.
Tim Barnettning mashq maydoni va do’koni bor. Qurolning 1500 turini taklif qiladi. Janis Pelletti AR-15 sotib olish uchun do’konga kelgan. Himoya uchun.
“To’xtatish kuchiga ega qurol bu”, - deydi Pelletti.
Faollarga ko’ra, AR rusumidagi hujumkor qurollarni taqiqlash vaqti yetgan. Kongress qarshisidagi xiyobonda terilgan gullar Amerikada har yili qurol zo’ravonligidan halok bo’ladigan 40 ming kishini aks ettiradi.
“Bu qurollar tanani parchalaydi, qo’lingizni yulib tashlaydi. Jang maydonida qo’llanishi bejiz emas”, - deydi “Brady” nohukumat tashkiloti rahbari Kris Braun.
Qurolga egalik huquqi AQSh konstitutsiyasida belgilangan. Otish - AQShda ham an’ana, ham xobbi. Lekin ayrimlarda bu qo’rquv uyg’otadi.
“Mahallamiz xavfsiz, lekin ehtiyot chora ko’rgan yaxshi”, - deydi Pelletti.
Ayrim statistik ma’lumotlar:
- Amerikaliklarning taxminan 40 foizi qurolga ega yoki qurol mavjud xonadonda yashaydi.
- So’rovlarga ko’ra, qurol egalarining 67 foizi qurol ularga o’zini himoya qilish uchun kerakligini aytadi.
- 1990-yillarda esa qurol egalarining 57 foizi ov yoki otishni mashq qilishni sabab qilib ko’rsatardi.
- Pandemiya davrida va 2020-yilgi prezidentlik saylovlaridan oldin qurol savdosi oshgan.
- AQShda quroldan o'lim hollari Kanadaga qaraganda 9 barobar, Daniyaga qaraganda 29 barobar, Britaniyaga qaraganda 100 barobar ko'p.
- 2020-yilda AQShda 22,8 million dona qurol sotilgan
Yaqinda Indiana va Koloradodagi otishmalardan so’ng Oq uy qonunlarni o’zgartirishga chaqirmoqda.
“Hujumkor qurollar va katta sig’imli o’qdonlarni taqiqlash kerak”, - deydi Prezident Jo Bayden.
Aholi qurolga o’ch mamlakatda ularni taqiqlash imkonsiz, lekin xaridorlarni tekshirish tizimini takomillashtirish mumkin, deydi ba’zilar.
Tennessi shtatida kishi 18 yoshda bo’lsa va tekshiruvdan o’ta olsa, yarim avtomatik qurol sotib olishi mumkin. Biroq barcha shtatlarda ham onlayn yoki yarmarkada qurol xarid qilish uchun tekshiruv talab qilinmaydi. AQSh aholisining 80 foizi tekshiruvlarni yaxshilash kerak fikrda.
“Ba’zilar tekshiruvdan o’ta olmaydi, chunki ruhiy kasalxonada davolanib chiqqan. Qo’shni shahardan do’konimizga kelganlarni ko’rganmiz. Kasalxonadan endi chiqqanini ko’rsatuvchi brasleti bilan qurol sotib olishga kelgan”, - deydi do’kon egasi Barnett.
Eysi Los-Anjelesda politsiyachi bo’lib ishlaydi, qurolni qanday boshqarish bo’yicha mashg’ulotlar ham o’tkazadi. Qo’lidagi MP 15T Kaliforniyada hujumkor qurol sanaladi. U qurollarni taqiqlash emas, tekshiruvlar tarafdori.
“Qurolni yomon yoki yaxshi deyishdan oldin otib ko’ring. Sizga yoqmaydigan turi boshqalarga ma’qul bo’lishi mumkin”, - deydi u.
Qurolga egalik nozik mavzu ekan, Kongress 1990-yillarda bo’lgani kabi hujumkor qurollarni taqiqlashi amri mahol. Ammo ommaviy otishmalar davom etayotgani ikki tomonni murosaga undashi mumkin.
Facebook Forum