Breaking News

Qirg'izistonda universitetga kirish qanchalik oson?


Bishkekdagi Amerika Universiteti bitiruvchilari
Bishkekdagi Amerika Universiteti bitiruvchilari
Qirg’izistonda joriy yil qator oliygohlarda byudjet o’rinlari bo’sh qolgan. Mutaxassislarning aytishicha, bunga sinov tartibining kuchaytirilishi sabab.

Aytish joizki, avvallari Qirg’izistonda oliygohga kirish ballari talabga qarab belgilanar edi.

Kiruvchilar soni ko’p bo’lsa, eng past o’tish ballari yanada pasaytirilar edi. Oqibatda istagan odam kontrakt asosida oliygohga kirish imkoniyatiga ega bo’ldi.

O’sh oliygohlaridan birida bu yilgi kirish imtihonlari yakuniga ko’ra, faqat 20 foiz byudjet o’rinlari, ya’ni davlat granti asosidagi bepul o’rinlar o’z egalarini topgan.

Qabul komissiyasiga binoan, maktab bitiruvchilarining ko’pchiligi 110 ballik oliygohga o’tish darajasiga yetmagan.

Ota-onalar aytishicha, oliy ta’lim vazirligi eng past ballarni pasaytirmasa, ko’pchilik maktab bitiruvchilari universitatlarga kira olmaydi.

“O’g’lim oliygohga 110 ballik vazirlik belgilagan baldan o’tmadi. Shu ballarni 60-70 tushurib qo’yishsa yaxshi bo’lardi. Nima bo’larkin kutyapmiz”, - deydi bir ona.

O’z navbatida universitet muallimlari talabalikka o’ta olmaslikning asosiy sababi maktab bitiruvchilarining bilim saviyasi pastligi, deyishadi.

Mahalliy oliygohlardan birining xodimi, matematik olim Adhamjon Jurayev o’rta ta’lim tizimidagi noqsonlarga urg’u beradi.

“Maxsus maktablarda bilim berish saviyasi yomon emas. Ammo oddiy o’rta ta’lim tizimlarida bilim yahshi berimayotir. Sababi o’qituvchilarning ko’pchiligining malakasi past. Bir fandan oliygohni bitirgan muallimlar maktabda boshqa fandan dars berishga majbur. Ko’proq ayol kishilar maktabda ishlamoqda. Ayni paytda bolalarning psihologiyasi o’zgargan. O’qishga hech intilish, qiziqish yo’q. Oqibatda oliygohlarga kirish uchun eng past ballardan ham o’ta olmayaptilar”, - deydi u.

Rasmiy ma’lumotlarga o’ra, o’lka bo'ylab mingga yaqin byudjet o’rinlari bo’sh qolgan. Ayni paytda ta’lim vazirligi o’tish ballarini pasaytirish borasidagi murojaatlarni rad etgan.

Mustaqillik yillari Qirg’izistonda 40 yaqin yangi oliygoh ochilgan bo’lib, bu o’quv yurtlariga kirish ko’pchilik uchun aytarli muammo tug’dirmagan.

Masalan, kontrakt asosida o’qish uchun kirish ballari talabga qarab pasaytirib kelingan.

Oqibatda ko’p oliygohlarda bilim saviyasi tushib ketgan. Bu yil Qirg’iziston ta’lim vazirligi vaziyatni o’nglashga kirishdi.

Rasmiylarga ko’ra, joriy yil Qirg’izistonning oliygohlariga qabul qilish plani qariyb ikki barobar ozaytirildi. Endi yetarli bilimga ega bo’lgan yoshlargina talabalikka erishishi mumkin, deydi mulozimlar.

“Mamlakat ta’lim vazirligi pozitisyasi - son uchun emas, sifat uchun kurashish. Talabalar soni ozayishi ayrim qulliyotlar yoki oliygohlarning yopilishiga olib kelishi mumkin. Lekin shu narsa aniqki, o’qishga astoydil moilligi bor yoshlar o’qishi kerak. Buning nima keragi bor – kontraktni to’la oladi, puli yetarli, ammo kallada hech narsa yo’q. Bunday insonlar boshqa ish bilan mashg’ul bo’lishi kerak”, - deydi Adhamjon Jo’rayev.

Mutaxassislar fikricha, talabalar soni ozayishi o’z navbatida oliygohlar saviyasini ko’tarishga turtki bo’ladi. O’quv yurtlari raqobatini kuchaytiradi. Kiritilayotgan yangiliklarning asosiy maqsadi mamlakatda ta’lim saviyasini ko’tarish, deydi ular.

Matematik olim Adhamjon Jo’rayev nazarida gap faqat ta’lim vazirligi pozitsiyasida emas, bilim sifatiga jiddiy talablarni qo’yishdan butun o’lka manfaatdor.

“Hukumat ham shu pozitisyada qat'iy turishi kerak”, - deydi muallim.

“Talabalari kam, ya’ni, saviyasi past o’quv yurtlari vaqti kelib o’z-oz’idan yo’qolib ketishi mumkin. Albatta, ma’lum yo’qotishlar bo’lishi aniq, lekin yillar o’tib hamma narsa iziga tushadi”, - deya umid bildiradi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG