Breaking News

Yaponiya atom bombasi qurbonlarini xotirlayapti


6-avgust kuni Yaponiya 78 yil oldin Xirosima shahriga atom bombasining tashlanganini xotirladi. Ikkinchi jahon urushi yakunida Qo’shma Shtatlar insoniyat tarixida ilk bor qo’llagan atom bombasi yuz minglab tinch fuqaroni o’ldirdi.

Xalqaro hayot - 7-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:24 0:00

“Samolyot ovozini eshitdim. O’sha tomonga qaradimu, atrof yorishib ketdi, so’ng portlash bo’ldi. Uning to’lqini meni 20 metrga uloqtirdi, hushimdan ketdim. Onamning yuzi va ko’kragi, yuzimning yarmi kuygan edi”, - deya eslaydi 83 yashar Suechi Kido.

1945-yil 9-avgustida AQSh Nagasaki shahriga ham atom bombasini tashlaydi. Ikkita bombadan jami 215 ming odam o’sha zahotiyoq o’ladi. Oylar va yillar davomida nurlanishdan vujudga kelgan kasalliklardan yana o’n minglab yaponiyalik nobud bo’ladi.

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida Xirosimadagi xotira marosimida AQShni tilga olmadi, biroq Rossiyani yadroviy tahdidlarda aybladi.

Bomba hujumidan omon qolganlarni Yaponiyada “xibakusha” deb atashadi.

“Hozir dunyoning har bir fuqarosi xibakusha bo’lish tahdidi bilan yuzlashmoqda. Putinning Ukrainaga tajovuzi sabab bu tahdid har qachongidan kuchaydi”, - deydi Kido.

Yaponiya o’ziga yaqin joylashgan Xitoy va Shimoliy Koreya tahdidlaridan ham xavotirda. Yadroviy Xitoyning Tayvan atrofi va Janubiy Xitoy dengizidagi harakatlarini Tokio o’ziga bevosita xavf deb biladi. Yadro qurollari borligi da’vo qilinayotgan Pxenyan esa so’nggi oylarda Yapon dengizi tomon bir necha raketa otdi.

“Yaponiya va Xitoyning mudofaa salohiyati o’rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Yaponiyaning siyosiy rahbariyati ushbu bo’shliqni to’ldirish zarurati haqida gapirmoqda va yapon xalqi rahbarlarini bu masalada qo’llab-quvvatlamoqda, chunki ular Ukrainada nima bo’layotganini ko’rishyapti”, - deydi Yaponiya xalqaro aloqalar instituti eksperti Tetsuo Kotani.

2027-yilgacha Yaponiya mudofaa byudjetini ikki karra oshirishni va xorijiy bazalarni nishonga olishga qodir qurollarni qo’lga kiritishni rejalamoqda.

Biroq ko’p xibakushalar bundan xavotirda.

“Mamlakatlar o’rtasidagi kelishmovchiliklarni kuch bilan hal qilib bo’lmaydi”, - deydi Suechi Kido.

Yaponiyada atom bombasi dahshatlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan odamlar soni yil-sayin kamayib borarkan, ular Xirosima va Nagasaki saboqlari unutilmaydi degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG