Tinchlik memorial parki: Shaharning eng taniqli manzillaridan biri bo'lgan park 12 gektardan ortiq maydonni o’z ichiga oladi. Bomba kelib tushishidan oldin bu joy shaharning siyosiy va tijorat markazi bo’lgan. Uning nishonga olinishi sabablaridan biri shu hisoblanadi.
Atom bombasi gumbazi: Portlashdan so’ng omon qolgan binolardan biri sifatida Viloyat Sanoatni qo’llab-quvvatlash zalining xaroba gumbazi parkda saqlab qolingan. Bu bino YUNESKO Dunyo merosi ro’yxatiga ham kiritilgan.
1949-yil 6-avgust: Shahar kengashi hududni qayta qurishdan voz kechib, uni ramziy tinchlik maydoni sifatida qoldirishga qaror qiladi. Insoniyatga ma’lum eng buzg’unchi kuchni eslatish va dunyo tinchligi umidi sifatida bu yerga park quriladi. Uning dizayni Tokio universiteti professori Kenzo Tange va yana uch mutaxassis tomonidan amalga oshiriladi.
Xirosima va Nagasakidagi portlashlar
Atom bombalari: Bombalarning birinchisi 1945-yil 6-avgust kuni Xirosima shahriga tashlangan. Ulkan portlash deyarli butun shaharni vayron qilgan. Oradan uch kun o’tib 9-avgust kuni ikkinchi atom bombasi Nagasaki shahriga tashlangan.
O’lganlar soni: Xirosimada 140 ming, Nagasakida esa 70 ming odam o’lgan. Halok bo’lganlarning yarmi portlash yuz bergan birinchi kuniyoq olamdan o’tgan. Kelasi hafta va oylarda nurlanish, kuyish va boshqa jarohatlardan yana minglab odam hayotdan ko’z yumgan.
Nega Xirosima va Nagasaki tanlangan?
Bomba tashlash uchun tanlangan manzil bir necha shartlarga javob berishi kerak bo’lgan:
· Harbiy va strategik jihatdan yuqori ahamiyatga ega bo’lishi: Xirosimada urush payti janubiy Yaponiya mudofaasi uchun mas’ul 2-Armiya qo’mondonligi joylashgan edi. Nagasaki esa janubiy Yaponiyadagi eng katta dengiz portlaridan biri bo’lib, shuningdek, bu yerda, kema va harbiy qurollar ishlab chiqarilgan.
· Atom bombasining ta’sirini aniqlash uchun hudud ilgari boshqa bombalardan zararlanmagan bo’lishi.
· Bir milya radius maydonda binolar va boshqa obyektlar zich joylashgan bo’lishi: chunki atom bombasining kuchi shuncha maydonga yetishi chamalangan. Xirosimada o’sha payt 250 ming odam yashagan, Nagasaki esa binolarga zich shahar bo’lgan.
Xirosima va Nagasakida hanuz nurlanish mavjudmi?
Qisqa javob shuki, yo’q. 30 kilometr maydonni yashash uchun yaroqsiz holatga keltirgan Chernobil fojeasidan farqli o’laroq, Xirosima va Nagasakida portlagan bombalar havoda bir necha yuz metrga yoyilgan, xolos. Bombalardagi yadro materialining faqat 10 foizi kengroq hududga tarqagan, 90 foizi portlash yuz bergan joyga to’kilgan.