Qo’shma Shtatlar o'zining milliy sutemizuvchi hayvoni etib bizonni tanladi. Qadimda Shimoliy Amerika bo’ylab keng tarqalgan bizonlar 1800-yilllar oxiriga borib deyarli yo’q bo’lib ketgan edi. Qattiq himoya ostiga olingan bu hayvonlarni hozir barcha shtatlarda, milliy bog’larda va hatto orollarda uchratish mumkin.
Son-sanoqsiz sayyohlar Santa Katalina oroliga Gollivuddan esdalik bo’lib qolgan narsalarni topish ilinjida kelishadi.
“1924-yilda kino ishlash uchun orolga taxminan 14 ta bizon keltirilgan edi”, - deydi hayvonot olami himoyachisi Juli King.
Suratga olish jamoasi oroldan chiqib ketganidan so'ng ham bizonlar u yerda qolaverdi. Ayni damda bizonlar Katalinaga ko’plab sayyohlarni jalb qilmoqda.
“Bizonlar ajoyib jonzotlar ekan, biz hayratdamiz”, - deydi bizonlar haqida kitob muallifi Debbi Rozen.
“Bizonlarning yaqiniga bormaguncha ular qanchalik bahaybat ekanligini tasavvur qilish qiyin. Lekin judayam yoqimtoy”, - deydi bu kitobning yana bir muallifi Xovi Rozen.
“Men bizonlarni Shimoliy Amerika fillari deb atayman. Ular deyarli bir xil harakatlanadi. Yaylovlardagi mo’ynali fillar bular”, - deydi Juli King.
Bizonlar Shimoliy Amerika hayvoni hisoblansa-da, Katalina uchun tub jonzot emas. Lekin 90 yildan ortiq vaqt mobaynida ko’payib ketganidan orolga sig’may boryapti.
“2002-2004-yillarda bizonlarni o’z vataniga, Shimoliy va Janubiy Dakota tomonlardagi qo’riqxonalarga ko’chirdik. Bu qo’riqxonalarda 100 yillardan beri bizonlar bo’lmagan. Ularni ona yerlarida qayta parvarishlash tafardori edik”, - deydi Juli King.
Yillar davomida 500 ga yaqin bizonlar o’z yerlariga qaytarildi.
“Bizonlar tub amerikaliklarning qornini to’yg’azgan, terisi boshpana bo’lgan. Umuman undan keng foydalanishgan”, - deydi Debbi Rozen.
Bizonlar oroldagi ekologik muvozanatni saqlab turishga xizmat qilgan.
“Mutaxassis sifatida e’tirof etishim mumkinki, bu orolga bittasi ham ko’plik qilardi, bizonlar bu yerda rivojlanmasdi”,- deydi Juli King.
Shunday bo’lsa-da, endilikda bizonlar va Katalina oroli chuqur uyg’unlashib ketdi.
“Ular orolning bir bo’lagiga aylangan. Odamlar bizonlarni ko’rish uchun Katalinaga kelishadi”, - deydi Xovi Rozen.
Katalinadagi podaning ekologiyaga ta’sirini muvozanatlash uchun ularning ko’payish hajmi nazoratga olingan. Bu bilan bizonlar o’z o’lkasida o’tlaganday bezarar yurishadi.
Facebook Forum