Breaking News

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi yig'ini bu safar namoyishsiz o'tdi


AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytner Singapur Tashqi ishlar vaziri Tarman Shanmugaratnam bilan so'zlashmoqda
AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytner Singapur Tashqi ishlar vaziri Tarman Shanmugaratnam bilan so'zlashmoqda

Amerika nazarida Yevropa bank tizimlaridagi inqiroz global iqtisodiyotga tahdid solmoqda. Moliya vaziri Timoti Gaytner o’z davlati oldidagi muammo va vazifalarni ham tan oladi.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasining Vashingtondagi yillik yig’ilishida bu safar yutuqlar emas, kamchiliklar, oqsashlar haqida gap ketdi.

Odatda Vashingtonda Jahon Banki yoki Xalqaro Valyuta Jamg’armasi biror yig’in o’tkazsa, ko’chalar namoyishchilarga to’lib ketadi. Kapitalizmni qoralab, boy davlatlarni ziqnalikda ayblaydigan guruhlar uyushtiradi ularni. Lekin bu safar hech kim ko’rinmadi.

Xavfsizlik choralari ko’rildi, lekin ularga hojat yo’qdek tuyuldi.

Vaziru diplomatlar kameralardan tabassumini ayamadi, lekin umum kayfiyat ancha past.

"Tahlikali damlar hozir. Yevro pul birligining kelajagi qorong’udek ko’rinmoqda. Kredit va bank tizimi botqoqqa botgan",- deydi Tarman Shanmugaratnam, Singapur Tashqi ishlar vaziri.

Yevropaning bu muammolarida nafaqat ittifoqqa a’zo davlatlar, balki Amerika ham aybdor, deydi rasmiylar. Global iqtisodiyotga eng ko’p hissa qo’shadigan mamlakat bu Amerika.

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi yig'ilishlari odatda namoyishlar ostida o'tadi. Kapitalizmni qoralab, boy davlatlarni ziqnalikda ayblab, yuzlab, hatto minglab odamlar bu tashkilotlarning Vashingtondagi idoralari oldiga yig'iladi.
Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi yig'ilishlari odatda namoyishlar ostida o'tadi. Kapitalizmni qoralab, boy davlatlarni ziqnalikda ayblab, yuzlab, hatto minglab odamlar bu tashkilotlarning Vashingtondagi idoralari oldiga yig'iladi.

Lekin Vashington sal boshqacha fikrda. Moliya vaziri Timoti Gaytner Yevropa rahbarlarini aybni o’zidan qidirishga undab, markaziy bankingiz bilan yaqindan ishlang, dedi. Kapital ta’minoti masalasi kelasi oylarda yanada og’irlashadi, deydi u.

Hech kim qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q, deydi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi direktori Kristin Lagard.

Kristin Lagard, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari
Kristin Lagard, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari

"Vaziyat tang ekani sir emas, lekin biz harakat qilayapmiz. Global iqtisod juda qiyin bir davrni boshdan kechirar ekan, ko’rilayotgan choralar bir kunda samara bermaydi. Lekin biz yechim ustidan ishni boshlab yuborganmiz, buni hamma bilishi kerak. Moliyaviy nazorat, krizisni idora qilish, yevrozonada boshqaruvni takomillashtirish, banklarni mustahkamlash… Hammasini o’ylayapmiz",- deydi Lagard.

Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy, iqtisodiy jihatdan tez o’sayotgan davlatlar, dunyo iqtisodiyotini oyoqqa turg’azish uchun ko’proq hissa qo’shishga tayyor. Ular moliyaviy inqirozdan rivojlangan mamlakatlarga qaraganda kamroq zarar ko’rdi.

"Avval rivojlangan iqtisodiy tizimlar, ya’ni Shimoliy Amerika va G’arbiy Yevropa, aksirsa, butun dunyo shamollab qolar edi. Chunki jahon bozorini ular tebratardi. Bugun manzara o’zgacha",- deydi Nikolas Eyzagur, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi vakili.

Lekin, deydi mutaxassislar, bugun jahonda hech kim 2008-yilda boshlangan inqiroz oqibatlaridan xoli emas. Uning alomatlari har yerda namoyon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG