Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik bugun chiqargan hisobotga ko'ra, Eron yadroviy qurol ustida ishlashga harakat qilgan. Bu borada "asosli ma'lumotlar" bor deyiladi hujjatda.
Yadroviy qurol dizayni va tuzilmasi ustida ish ketgani va ayrim qismlar sinab ko'rilgani haqida isbot-dalillar mavjud, deya xavotir bildiradi Venada asoslangan tashkilot.
Qo'shma Shtatlar maxfiy xizmat to'plagan ma'lumotlarni bu agentlikka topshirgan edi. Vashington Eronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga bel bog'lagan.
Xalqaro agentlik berayotgan ma'lumotlarga ko'ra, Eron 2003-yilgacha atom quroli bilan bog'liq tadqiqotlar olib borgan.
Eron davlat matbuoti bu hisobotni qoralamoqda. Mamlakatning agentlikdagi vakili Ali Asg'ar Sultoniy fikricha hujjat "noxolis va siyosiy maqsadlarni ko'zlaydi".
Islomiy respublika rahbarlarining qayd etishicha, yadroviy dastur atom energiyasi ishlab chiqarishga mo'ljallangan xolos.
Rossiya ham hisobotdan norozi. Kreml nazarida 35 davlat a'zo tashkilot uzoqni o'ylab xulosa qilishi, xalqaro hamjamiyatni o'rinsiz xavotirga solmasligi kerak. Bunday hisobotlar muammoga diplomatik va tinch yechim topish yo'lida to'sqinlik qiladi, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi chiqargan bayonotda.
Obama ma'muriyatining ta'kidlashicha, maqsad - Eron bilan bu mojaroni tinch yo'l bilan hal etish. Bu davlat o'z atom dasturi haqida batafsil ma'lumot berishi, xalqaro talablarga javob berishi shart, deydi rasmiylar.
Shu paytgacha BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga to'rt bor sanksiya qo'ygan. Ular natijasida islomiy respublika zaiflashgan, yakkalangan va iqtisodiy ahvoli og'irlashgan.
Yevropa Ittifoqi a'zolari, jumladan Germaniya ta'biricha, Eronga nisbatan siyosiy va diplomatik bosimni oshirmay iloj yo'q. Bu davlat o'ziga nisbatan mavjud barcha shubha-gumonlarga javob berishi, o'z hatti-harakatlarini tushuntirishi kerak, deyiladi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Eronni azaldan atom bombasi ustida ishlayotganlikda ayblab keladigan Isroil o'zini himoya qilishga shay turganini bildirmoqda.
"Biz urush xohlamaymiz, lekin majbur bo'lsak, o'zimizni himoya qilamiz",- deydi Exud Barak, Isroil Mudofaa vaziri.
AQSh Kongressi a'zolari, xususan respublikachilar demokrat prezident Barak Obamani Eronga nisbatan bosimni oshirish uchun xalqaro yetakchilikni qo'lga olishga undamoqda.
Oq Uyning bildirishicha, Amerika hukumati bu borada allaqachon liderlik qilib kelmoqda.