Breaking News

“Islomiy davlat” Halab shahrini egallab oldi


Halabda portlashlar. 1-iyun 2015-yil
Halabda portlashlar. 1-iyun 2015-yil

O’tgan hafta oxirida “Islomiy davlat” (ID) guruhi jangarilari Suriya shimolidagi uch shaharni o’z nazorati ostiga oldi.

Prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilar hukumat armiyasi va ID hamkorlik qilayotganini iddao qilishiga qaramay, Suriya samolyotlari ID nazoratidagi Al-Bab shahrini bombardimon qildi.

Biroq eng jiddiy o’zgarish Halab shahrining ishg’ol qilinishi bo’ldi. Assad armiyasi bir necha oy davomida isyonchilarni Turkiya bilan bog’laydigan yo’ldan kesishga harakat qilayotgan edi. Endi esa ID buning uddasidan chiqishi mumkin.

ID jangarilari Savran shahriga hujum qildi, yakshanba ertalab Umm Havash va Al-Hosiya qishloqlarini bosib oldi. So’ngra Marea va Azaz shaharlariga hujum boshlagan edi, isonchilar ularni haydab chiqardi.

Assad rejimiga qarshi kurashayotgan isyonchilar AQShdan IDga havodan hujum qilishda yordam berishni so’radi. Biroq Vashington Aleppoga aralashishni istamayapti, asosiy e’tiborni Iroq g’arbi va Suriya sharqidagi jangarilar istehkomlariga qaratmoqda. Britaniyalik tahlilchi Emil Hokayem Suriyadgai isyonchilarga yordam berish kerak, degan fikrda.

Azaz isyonchilar uchun katta ahamiyatga ega. Uning ID tomonidan bosib olinishi vaziyatni keskin o’zgartirib yuborishi mumkin, deydi vashingtonlik tahlilchi Charls Lister.

IDdan Azazni himoya qilgan kuchlar orasida AQSh qo’llab-quvvatlayotgan Nur al-Din al-Zenkiy, 13-Diviziya va Fursan al-Haq guruhlari bor. Al-Qoidaga aloqador va ID raqibi hisoblanmish Jabhat al-Nusra ham ularga qo’shildi.

“Shimoldagi vaziyat biroz yaxshilandi. Hamon xavfli bo’lsa-da, IDning olg’a siljishiga to’siq qo’yildi”, - dedi “Twitter” ijtimoiy tarog’idagi mikroblogi orqali faol Yusuf Eyssa.

Suriyada urush boshlanganidan buyon Halab atrofida shu qadar ko’p janglar bo’ldiki, hech bir taraf kurashni davom ettirishni istamayotgan ko’rinadi. Ammo Turkiya bilan bog’laydigan yo’lda joylashgan bu shaharning strategik ahamiyati juda katta, shu bois janglarga qo’shimaslik ham qiyin.

Suriyadagi turli guruhlar hozirda nafaqat bu shahar, balki undan keyin hujumlarni shimol yoki janubga qarab davom ettirish kerakmi, degan masalada yakdil emas.

Isyonchilar Halabni IDdan himoya qilishga urinayotganida Assadga qarashli kuchlar isyonchilarni qo'lbola bombalar bilan bombradimon qilganini BMT qoralab chiqdi.

Bu tashkilotning Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Mistura yakshanba kuni Halab va Al-Bab shaharlari bozorlariga bomba tashlanganini tanqid qildi. Portlash natijasida ko’plab qurbonlar tilka-pora bo’lgan yoki badani tanib bo’lmaydigan darajada kuygan, dedi u.

“Suriya havo kuchlarining bugun Halabda o’z hududiga shu tariqa hujum qilishi mutlaqo noto’g’ri, o’z fuqarolarini o’ldirish shafqatsizlik”, - dedi BMT rasmiysi.

U, shuninghdek, qo’lbola bombalarni portlatish amaliyotini darhol to’xtatishga da’vat etdi, vaholanki Suriya mojarosi boshlanganidan beri qurbonlarning aksariyati aynan shu turdagi bombalardan halok bo’lgan.

Assad rejimiga muxolif Suriya Milliy koalitsiyasi Prezidenti Xolid Xo’ja xalqaro hamjamiyat aralashmasa Suriya ikki terror taraf – Assad rejimi hamda ID jangarilari o’rtasida jang maydoniga aylanishidan ogohlantirdi.

“Dunyo hech qanday chora ko’rmay, shunchaki kuzatayotgan bir paytda suriyaliklar ikki o’t orasida qoldi”, - dedi u va qo’shni davlatlarni hamkorlikka undar ekan. "Aks holda Suriya terrorizmning eng dahshatli o’chog’iga aylanadi”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG